Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, “Sharq taronalari” XI xalqaro musiqa festivalining bosh sovrini – Gran-pri Ozarbayjon vakiliga berilgani ma’lum qilindi.
Bu yil jahonning 58 davlati san’at ustalari “Sharq taronalari”da o‘z musiqa va qo‘shiqchilik an’analari, madaniyatini namoyish etdi, deya ma’lum qildi O‘zA. Festivalda bir necha nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari faxriy mehmon sifatida qatnashdi.
25-30 avgust kunlari dunyo san’at ahlining bosh sahnasiga aylangan Registondagi amfiteatrda “Sharq taronalari” XI xalqaro musiqa festivali g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Dastlab, faol jamoalar qator nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. YUNESKO, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali direksiyasi, Samarqand viloyati va shahar hokimligi hamda boshqa tashkilotlarning maxsus mukofotlari topshirildi.
Sahnaga Eron, Indoneziya va Turkiyadan kelgan jamoalar taklif etildi. Ularga festivalning uchinchi darajali diplomlari topshirildi. Ikkinchi o‘ringa Qirg‘iziston va Litvadan kelgan san’atkorlar sazovor bo‘ldi. Janubiy Koreyaning Geosong xalq qo‘shiqlarini saqlash fondi jamoasi hamda mamlakatimiz vakili Mohichehra Shomurodova birinchi o‘ringa munosib, deb topildi.
Nihoyat, hayajonli lahzalar. Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, “Sharq taronalari” XI xalqaro musiqa festivalining bosh sovrini – Gran-pri Ozarbayjon vakiliga berilgani ma’lum qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51009 | Инструменты