O'zbekistonda jami onkologik kasalliklarning o‘rtacha 20-25 foizi ayollardagi ko‘krak bezi va bachadon saratoniga to‘g‘ri keladi. Shu bois bu borada skrininglarni kengaytirish va ularning reyestrini yuritish rejalashtirilmoqda.
Gematologiya, kardiologiya, endkrinologiya kasalliklarini erta aniqlash va ularni davolash bo‘yicha bu yil nihoyasiga yetadigan uch yillik dasturlar muddati uzaytiriladi.
Tibbiyot muassasalariga markazlashgan holda dorilar xarid qilishda ham kamchiliklar bor. Baʼzi shifoxonalarda talabga nisbatan kam olingan bo‘lsa, baʼzilarida dorilar ortib qolgan.
Shu bois dori vositalari va tibbiy buyumlarni o‘n besh oylik talab asosida xarid qilish tizimi taklif etilmoqda. Bunda kelgusi yillar uchun ehtiyojlar 1 avgustdan kechikmasdan, Davlat byudjeti parametrlari bilan bir vaqtda shakllantiriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida “Xaridlar markazi” va uning 13 ta hududiy filiali tashkil qilinadi. Markazga 2025 yil 1 yanvardan boshlab, original dori vositalari va yopiq turdagi laborator uskunalar uchun sarflov vositalarini bevosita ishlab chiqaruvchidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilishga ruxsat beriladi.
Donorlarni qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni olganlarga bir yo‘la beriladigan pul mukofoti bazaviy hisoblash miqdorini 5 baravaridan 15 baravarigacha oshiriladi. Ularga jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi, davlat sihatgohlarida davolanish navbatsiz bo‘ladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111718 | Инструменты