Soliq kodeksida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar miqdorlari kamaytirilmoqda

Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 2271-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Kiritilayotgan o‘zgartirishga ko‘ra, soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq javobgarlik yana-da liberallashtirilmoqda.

Xususan, mazkur qonun bilan Soliq kodeksiga fiskal huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalar kamaytirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini taʼminlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish, shuningdek, tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tartib-qoidalariga oid huquqbuzarliklar birinchi marta sodir etilganda jarima miqdori oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning ikki foizini tashkil etadi.

Mazkur huquqbuzarlik moliyaviy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, jarima miqdori  yigirma foizni tashkil etishi belgilanmoqda.

Avval tadbirkorlar ushbu qonunbuzilish holati uchun oxirgi hisobot choragida ega bo‘lgan sof tushumni jarima shaklida to‘lashga majbur bo‘layotgan edi.

Endilikda fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladigan moliyaviy jarima miqdori qariyb 98 foizga qisqartirilmoqda.

Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni yana-da maqbullashtirishga va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51915 | Инструменты