O'zbekistonda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish yo‘lida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bundan ko‘zlanayotgan maqsad aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni izchil davom ettirish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish hamda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini respublikaning boshqa hududlarida ham keng joriy qilishdan iborat.
Ushbu yo‘nalishdagi ishlarning davomi sifatida endilikda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatuvchi tashkilot va unga biriktirilgan fuqarolar o‘rtasida bitim imzolanishi belgilandi. Bu haqda vazirlik tomonidan tegishli buyruq qabul qilindi.
Unga ko‘ra, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatuvchi tashkilot va unga biriktirilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb eʼtirof etilgan chet el fuqarolari, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (voyaga yetmaganlar uchun ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari) o‘rtasida tuziladigan bitim shakli tasdiqlandi.
Bitimga ko‘ra, aholiga:
- sog‘lom turmush tarziga rioya etish;
- o‘z tibbiy savodxonligini oshirish;
- shifokor ko‘rsatmalariga amal qilish;
- profilaktik va skrining ko‘riklardan belgilangan muddatlarda o‘tish talablari qo‘yiladi.
Oilaviy shifokor esa:
- aholini belgilangan tartibda qabul qilish va maslahat (yoki yo‘llanma) berish;
- tibbiy xizmatlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq hajmda ko‘rsatish;
- dori vositalarini to‘g‘ri tayinlash;
- kasalliklarni erta aniqlash, sog‘lomlashtirish tadbirlarini amalga oshirish kabi majburiyatlar yuklatiladi.
Bitimlarni imzolash 2024 yil 1 dekabrdan Sirdaryo viloyati va Toshkent shahridagi davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda amalga oshirilishi boshlandi.
Mazkur chora-tadbirlar davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari 2025–2026 yillarda bosqichma-bosqich joriy etiladigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2025 yil 1 yanvardan boshlab bajariladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121818 | Инструменты