Huawei 1
SSV: Respublika travmatologiya va ortopediya markazida 24 ta yangi davolash usuli joriy etildi

Baʼzan tananing zarradek nuqtasiga yashiringan dard ham inson hayotiga nuqta qo‘yishi mumkin. Shu bois qo‘liga nozik tig‘ tutgan jarroh mikroskopik aniqlik bilan ish tutishi shart! Bu chog‘da shifokor hatto chorak millimetr yanglishishga ham haqli emas.

Ammo muvaffaqiyat siri faqat zargarona mahorat bilan bog‘liq emas. Innovatsion diagnostika va davolash usullari endilikda shifokorlar ishini osonlashtirish barobarida, bemorlarni qisqa muddatda darddan asoratsiz xalos etishda qo‘l kelyapti.

Buni Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyatidagi yutuqlar misolida ham ko‘rish mumkin.

— Muassasamizda o‘tgan yili 4 turdagi yangi diagnostika hamda 24 turdagi yuqori texnologiyali davolash usuli joriy etildi, — deydi markaz direktori Murod Irismetov. — Natijada yurtimizda travmatologiya va ortopediya yo‘nalishi bo‘yicha amaliyotda qo‘llanilayotgan muolaja usullari soni 269 taga yetkazildi.

O‘tgan yili 11281 ta jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan bo‘lsak, shundan 62 foizi yuqori texnologik operatsiyalardir. O‘ttizga yaqinini esa noyob xirurgik amaliyotlar tashkil etdi.

Xususan, markazda ilk bor revmatoid artrit xastaligidan uzoq yillar aziyat chekib kelgan 67 yoshli bemorda tirsak bo‘g‘imini endoprotezlash operatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi. Bu jarayonda bizga rossiyalik hamkasblarimiz yaqindan ko‘mak berdi.

2024 yilda o‘tkazilgan yana bir noyob muolaja — transforaminal endoskopik diskektomiya, yaʼni umurtqa pog‘onasi disk churrasini olishning kam invaziv jarrohlik amaliyoti bo‘ldi.

Bor-yo‘g‘i 5,5 mm kichik kesma orqali, mahalliy og‘riqsizlantirish ostida bajarilgan ushbu operatsiyadan bir kun o‘tib, bemor oyoqqa turib, yurish imkoniyatiga ega bo‘ldi. O‘tgan yil davomida jami besh nafar yurtdoshimiz xuddi shu usulda og‘ir xastalikdan xalos bo‘ldi.

Bundan tashqari, tizza bo‘g‘imi osteoartrozlarida son suyagi distal qismini artro medullyar artroskopik usulda shuntlash, menisk ildizini artroskopik yo‘l bilan tikish, chanoq-son bo‘g‘imini 3D Logeeks implant yordamida total endoprotezlash, umurtqa pog‘onasi disk churralarini transforamenal yo‘l bilan endoskopik usulda olish kabi qator yangi ilg‘or davolash amaliyotlari o‘zlashtirildi.

O‘z navbatida, chanoq-son bo‘g‘imlarini birlamchi hamda ko‘p marotaba bajarilgan revizion endoprotezlashdan so‘ng kelib chiqadigan suyak nuqsonlarida “3D implant” yordamida endoprotezlash usullari yo‘lga qo‘yildi.

Albatta, bunday yutuqlarda o‘tgan yili markazning 40 nafardan ziyod mutaxassislari Rossiya, Xitoy, Germaniya, Angliya, Italiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston, BAA, Belarus va Qozog‘iston kabi davlatlarining yetakchi klinikalarida malaka oshirib kelgani muhim ahamiyat kasb etdi.

Kelgusida bu yerda innovatsion muolaja usullari sonini yana-da ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11116 | Инструменты