Prezident huzuridagi Statistika agentligi Milliy statistika qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etiladi. Bu haqda “Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi.
Farmonga ko‘ra, Statistika ishlari samaradorligini yanada oshirishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilandi, jumladan:
— makroiqtisodiyot va tarmoqlar darajasida statistik kuzatuv o‘tkazish tizimini hamda ularning metodologiyasini xalqaro standart va tavsiyalarga muvofiq takomillashtirib borish;
— integratsiya jarayonlarini kengaytirish orqali statistik hisobotlarni qisqartirish va biznesga hisobot topshirish yukini kamaytirib borish;
— “mahalladan – respublikagacha” tamoyili bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirish tizimini yaratish orqali ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash.
2025 yil yakunigacha “Hududlar statistikasi” axborot tizimi ishga tushiriladi. Shu yil yakuni bo‘yicha hisobot davridan boshlab xodimlar soni yillik o‘rtacha 5 kishidan kam bo‘lgan va yillik tushumi BHMning 2 000 barobarigacha bo‘lgan mikrofirma va kichik korxonalar uchun yillik statistika hisobotini topshirish majburiyatini bekor qilib, har uch yilda bir marotaba statistik hisobot topshirilishi belgilandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90200 | Инструменты