Surxondaryoda jurnalistni haydab solgan maktab direktori tergov qilinayotgani ma'lum bo'ldi
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida maktab direktori jurnalist faoliyatiga qarshilik koʻrsatib, videokamerasiga shikast yetkazgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Surxondaryo viloyati Xalq taʼlimi boshqarmasi mazkur masala yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Oʻrganishlar natijasida 2021-yil 12-noyabr kuni Sariosiyo tumani xalq taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 28-sonli umumtaʼlim maktabida bir guruh oʻqituvchilar maktab direktori T.U. ning ustidan shikoyat arizasini yoʻllashgan.
So'ng, maktab direktori mazkur voqeani oʻrganish maqsadida borgan mahalliy nashr jurnalistlari faoliyatiga qarshilik koʻrsatgan. Ularni maktabdan baqir-chaqir qilib, tasvirga olayotgan vaqtida kamerasiga shikast yetkazib, haydab solgani bayon qilingan. Shuningdek, bayonotga ko'ra, bu oʻz tasdigʻini topgan.
Mazkur holat yuzasidan boshqarmaning masʼullari tomonidan hamda ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan tergov -surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, avvalroq maktab direktori T. U.ga nisbatan oʻz lavozim majburiyatlariga sovuqqonlik bilan yondashib “fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonunning 38 moddasini ijro intizomini va odob ahloq qonun qoidalarini buzganligi sababli “hayfsan” intizomiy jazosi qoʻllanilgan.
Tekshiruv natijalariga koʻra yana qoʻshimcha axborot beriladi, deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111421 | Инструменты