Huawei 1
Tadbirkor Murod Nazarov daraxtlarni kesish cheklovlarini olib tashlash va kompensatsiya uchun «daraxtlar banki» tashkil etishni taklif qildi

1-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tadbirkor, Murad Buildings qurilish kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov daraxtlarni kesish cheklovlarini olib tashlash va kompensatsiya uchun «daraxtlar banki» tashkil etishni ham taklif qildi.

«Mana, Xudo xohlasa, kutyapmiz. Toshkent shahrining bosh rejasiga korreksiya kiritilyapti. Xudo xohlasa, yaqinda chiqib qoladi. Va [bosh rejaga ko‘ra], Toshkent shahrini oladigan bo‘lsak, qurilishlar bundan buyon asosan yo renovatsiya, yo rekonstruksiya hududlarida bo‘ladi», — deydi u.

Tadbirkorning taʼkidlashicha, daraxtlarni kesishga moratoriy qo‘yilgan bo‘lsa-da, qurilish ishlari davomida uskunalar ko‘pincha daraxtlarga zarar yetkazadi.

«Hamma joylarda daraxt bor, har bir binoning atrofida daraxt bor. Va daraxtlarni o‘sha o‘ylamasdan kesib tashlagani uchun, katta rezonans olib kelgani uchun moratoriy qo‘yilgandi bunga. Lekin, to‘g‘risini tan olish kerak, bu joylarda, mana, rekonstruksiya qiladimi, renovatsiya qiladimi, o‘sha hatto rekonstruksiya paytida texnikani qo‘yaman desa ham, daraxtlar xalaqit beradi-da. Va qanaqadir yo‘llar bilan baribir ham daraxtlar kesilyapti», — deya taʼkidladi u.

Murod Nazarov cheklovlar «qaytanga korrupsiyani kuchaytirishini» taʼkidlab, uning o‘rniga oldindan daraxt ekish yo‘li bilan majburiy kompensatsiya mexanizmi — «daraxtlar banki»ni joriy etishni taklif qildi. Qurilish kompaniyalari ham, uchinchi shaxslar ham undan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

«Masalan, bizlar bilamiz, keyingi yil, undan keyingi yil taxminan qancha qurilish qilamiz, taxminan qancha daraxt kesilishi mumkin. O‘sha rayon chegarasida oldindan ekib qo‘yaylikki, ertaga nechta daraxt kesishga to‘g‘ri kelsa, diametri, o‘sha ko‘rsatkichlari bo‘lsin, bitta katta diametrga nechta kichkina diametr to‘g‘ri keladi, hokimiyatning balansiga o‘tkazib ketaveradi», — dedi u.

Murod Nazarov taxminiy tartibni taklif qildi: kompensatsiya to‘lashda daraxt tanasining o‘lchamini hisobga olish kerak: «Masalan-da, 40 diametrli, santimetrli daraxtni kesyapti. O‘sha reglamentda yozilgan: 40 diametrli bo‘lishi uchun 20 yoki 15 diametrli daraxtdan 10 ta bo‘lishi kerak».

Tadbirkorning qo‘shimcha qilishicha, ayrim hollarda qurilish kompaniyalari diametri bo‘yicha hatto uch-to‘rt barobar ko‘proq daraxt ekishga ham tayyor.

Bunday tizim boshqa kompaniyalarni ham rag‘batlantirishi mumkin, dedi Murad Buildings asoschisi:

«Mana bu yerda, mana, Murad Buildings, masalan, 1000 ta daraxt ekib qo‘ydi. Miroboddagi o‘sha 1000 ta daraxt tufayli, u, masalan, 50 ta daraxtni boshqa joyda kesish huquqiga ega bo‘ladi, minus-minus qilib ketaveradi. Hatto bu yerda zo‘r tarafi, boshqa uchinchi shaxslarni ham motivatsiya qilamizki, ular oldindan ekib qo‘yadi. Kerak bo‘lsa, boshqa quruvchiga sotsin keyin o‘sha limitini. Hamma daraxt ekishga tushib ketadi, joy qidirib», — deydi u.

«Buni uchinchi shaxslar o‘z zimmasiga olsa ham yaxshi. Qurilish kompaniyasi o‘zi ko‘chat ekmasa, shu uchinchi shaxslardan „limit“ sotib olsin. Shunda daraxt ekish investitsiya bo‘lib qoladi», — deydi tadbirkor.

Jamoatchilik faollari orasida ushbu taklif qat'iy tanqid ostiga olinmoqda

Tadbirkorning bu taklifiga jamoatchilik, asosan, qarshi fikrlar bildirdi. Xususan, iqtisodchi, professor Botir Qobilov daraxtlarni muhofazasini kuchaytirish kerakligini taʼkidladi.


«O‘zbekiston va Toshkentga ko‘proq „tegilmagan“, qurilish bo‘lmagan, bo‘lmaydigan va tabiiy holatida qoladigan joylar kerak. Ularga muhofaza ko‘proq kerak deb o‘ylayman. Maktab yerlari, shahardagi jamoat bog‘lari, kutubxona va umuman jamoatchilik foydalanadigan va jamoatchilikni sog‘lom qiladigan, nafasini yaxshilaydigan, uydan chiqib qayerdadir o‘tirib biroz bo‘lsa ham tabiatdan bahramand bo‘la oladigan joylar kerak», — deydi iqtisodchi.

Uning fikricha, O‘zbekiston va Toshkentda bunday joylar nihoyatda kam va kamayishda davom etmoqda.

«Daraxt bu qurilishga xalaqit qilayotgan shunchaki obyekt emas. Daraxtni kesishga cheklovlarni olib tashlash emas (ular shundoq ham yaxshi ishlamayapti shekilli?), aksincha daraxtlarni, shahardagi bog‘larni davlat va hokimiyat tomonidan muhofazasini kuchaytirish kerak», — deydi Qobilov.

«„Shundoq ham qarovsiz, tashlandiq bo‘lib yotibdi, biz qilmasak shundoq ham buzilmoqda, kimdir qilmoqda“, degan argumentlar bilan ko‘z yumish emas, aksincha aynan shu misollarni ishlatib jamoatchilik joylarini va har bir dona daraxt va parklarni davlat o‘z muhofazasiga yana-da ko‘proq olishi kerak deb o‘ylayman. Hukumatni kuchi yetmaydi degan argumentga men qo‘shila olmayman. Yetadi, yetmasa yetkazishni ko‘proq so‘rash kerak», — deydi u.

Yana bir iqtisodchi Behzod Hoshimov yuqoridagi fikrlarni davom ettirib, qurilish mutlaq taqiqlangan zonalarni yaratish kerakligini bildirdi.

«Zotan bu ish juda oson bo‘lishi kerak, shaharlarda qurilish mutlaq taqiqlangan zonalar — „yashil zonalar“ deb eʼlon qilsa bo‘ldi. Buni hukumat qila olishi kerak. Endi men shunday deb o‘ylar edim. Lekin Botanika bog‘i va bir nechta shahar bog‘larining ichida qurilishlar qilinganidan so‘ng, ancha shubha qilib qoldim. Ayniqsa, butun boshli Milliy bog‘ni betonlashtirib tashlashganidan so‘ng umuman umidim qolmadi. Keyin men yashaydigan dahadagi sobiq Bobur bog‘i ichida butun boshli yangi kvartal qurilmoqda, hali bitmadi», — deydi u.

Hoshimov jurnalist Muhrim Aʼzamxo‘jayevning «Qurilishlarni ko‘paytirish kerak bo‘lsa, daraxtlarni kesmasdan ham qurilishlarni ko‘paytirsa bo‘lar?» deya bergan savoliga, aslida rivojlanish natijasida ekologiya ham yaxshilanishi kerakligi, buning uchun odamlarga yolg‘on tanlovlar berilmaslik kerakligini qayd etdi.

«Ko‘p hollarda, bizni xato dixotomiyalarga tiqishga urinishadi, chunki o‘sha dixotomiyalarda o‘ylab topilgan dilemmani taqdim qilishadi, masalan, ayrimlar aytishadi: „Iqtisodiy o‘sish bo‘lsa demak, ekologiya yomon bo‘ladi“, „Qurilish bo‘lsa, daraxtlar qolmaydi“ deb. Aslida teskarisi, progress va rivojlanish natijasida ekologiya ham yaxshilanadi, qurilishlar ham, shahar cho‘llanishiga emas, daraxtzorga aylanishiga yordam beradigan narsa», — deydi u.

Iqtisodchi Singapur yoki Nyu York Toshkentdan ancha yashil, lekin ancha ko‘proq odam ularda yashashini eslatib o‘tdi. Uning qayd etishicha, Toshkentdan kichik talaygina shaharlar bor, daraxtlari kam, yashash ahvoli yomonroq. «O‘zi umuman, boyroq shaharlarda, yashillik ham ko‘proq, kambag‘alroq mamlakatlarda, daraxtlar ham kamroq», — deydi u.

«Qaysi xollarda bunday? Hukumatni kompetensiyasi yuqori bo‘lmasa. Demak, asosiy o‘zgaruvchi, hukumatlar bu narsani to‘g‘ri boshqara olishi. Lekin o‘ylab topilgan dixotomiya orqali, korrupsiya va past kompetensiyani yashirish mumkin. Yolg‘on tanlovda odamlarga go‘yoki tanlov huquqi beriladi», — deydi Hoshimov.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 71900 | Инструменты