Namanganda er-xotin tarvuzdan zaharlanib, vafot etdi

Namanganda tarvuzdan zaharlanib vafot etgan er-xotin ishi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda deb xabar bermoqda Prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov.

Aniqlanishicha, 2022-yil 11-avgust soat 09:30 larda Norin tumani, “Katta yaydoq” mahallasi, G‘.G‘ulom ko‘chasi 115-uyda yashovchi fuqarolar J.X., uning turmush o‘rtog‘i M.E. va farzandlari G.X., R.X. hamda nabiralari S.R., U.R. o‘z yashash xonadonida ovqat va 2022-yil 7-avgust kuni tuman dehqon bozori old qismidan sotib olgan hamda ikki kun muzlatkichda saqlab, 2022-yil 9-avgustda iste’mol qilgan tarvuz mahsulotidan zaharlangan. Oqibatda J.X. va uning turmush o‘rtog‘i M.E. yashash xonadonida vafot etgan.

Fuqaro G.X., R.X. va ularning farzandlari tuman tibbiyot birlashmasiga joylashtirilgan.

Norin tumanlararo STEBning 2022-yil 11-avgustdagi 71 va 72-sonli dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhum J.X. va M.E.ning o‘limiga — noma’lum agentdan (ovqat mahsulotidan) zaharlanishi, ichki a’zolar shok holati, qonning suyuq holda bo‘lishi, surunkali yurak ishemik kasalligi, o‘tkir miya o‘pka shishi, o‘tkir yurak qon tomir va nafas yetishmovchiligi sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Fuqaro J.X. va M.E.ning vafot etgani, fuqaro G.X. va uning farzandlari hamda singlisi R.X. zaharlangani sababiga aniqlik kiritish maxsus bilim talab qilishini inobatga olib, sud-tibbiy ekspertiza tayinlandi.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o'tamiz, bundan oldin O'zbekistonda 6 oy ichida 36 holatda ovqatdan zaharlanish qayd etilib, 176 nafar fuqaro jabrlangani, Toshkentda kelin qaynonasini ovqat yordamida zaharlab, uni o'ldirishga uringani haqida xabar bergan edik. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 32305 | Инструменты