Tataristonning yirik iqtisodiy zonasi “Alabuga” va Migratsiya agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Migratsiya agentligi rahbariyati ushbu korxonada vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan hamyurtlarimiz bilan uchrashib, ularning yashash, ovqatlanish va mehnat sharoitlarini o‘rgandi. Hozirda jamiyatda 1150 nafar o‘zbekistonlik faoliyat olib bormoqda.
O‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida, iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan “Alabuga” korxonasi va Migratsiya agentligi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun qo‘shimcha 10 ming bo‘sh ish o‘rniga talab olindi.
Agentlik tomonidan ushbu yangi ish o‘rinlari borasidagi tanlov haqida eʼlon joylashtiriladi.
“KAMAZ” bilan hamkorlik yana-da kengayadi
Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev “KAMAZ” rahbariyati bilan o‘tkazgan uchrashuvda mutaxassislarni tashkiliy tartibda ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzoladi.
Ushbu kelishuv “Kamaz”da ishlash istagini bildirgan hamyurtlarimizni O‘zbekistonda kasb va tilga o‘qitish, tanlovlarni yana-da qulay sharoitlarda o‘tkazish va ishga joylashtirish masalalarini o‘z ichiga oladi.
Hozirda korxonada Agentlik tomonidan yuborilgan 500 nafardan ortiq yurtdoshimiz vaqtincha mehnat faoliyatini olib bormoqda. Bu yerda asosan yuk avtomobillari, avtobus, turli hajmdagi dvigatellar, maxsus texnikalar ishlab chiqariladi.
Tatariston Respublikasi Bosh vaziri Aleksey Pesoshin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda mehnat munosabatlari sohasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi. Xususan, qo‘shma dasturlar asosida fuqarolarning kasbiy tayyorgarligi va moslashuvini taʼminlash, patent rasmiylashtirish jarayonlaridagi tartib-taomillarni soddalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari - Tatariston Respublikasi savdo-sanoat vaziri Oleg Korobchenko bilan ham ko‘rishildi. Muhokamalarda migratsiya sohasiga oid mavjud loyihalar hamda yangi imzolanadigan shartnomalarni hayotga tadbiq etish mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31419 | Инструменты