Telegramʼda «Alisher Usmonov aksiyasi» nomli 200 dan ortiq guruh ochib, firibgarlik orqali fuqarolarning mablag‘larini o‘zlashtirayotgan yetti nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ohangaron shaharida yashovchi 25 yoshli (Sh.B.) o‘z xonadonida Farg‘ona viloyatida yashovchi 18-25 yosh orasidagi olti nafar shaxsni jalb qilgan holda Telegram orqali «Alisher Usmonov aksiyasi» nomi bilan 200 dan ortiq guruh ochib, faoliyat yuritgan.Ular guruhda fuqarolarga yutuq chiqqani haqida yolg‘on ma’lumotlar yuborib, yutuqni olish uchun badal puli talab qilgan va turli miqdordagi pul mablag‘larini boshqa shaxslar nomidagi bank kartalari orqali o‘zlashtirgan.
Tadbir davomida mazkur xonadondan 4 dona kompyuter, 11 dona telefon, Wi-Fi qurilmalari hamda turli bank kartalari daliliy ashyo sifatida olingan.Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, ushbu guruhning har bir a’zosiga alohida vazifa belgilangan. Bir shaxs soxta chek tayyorlab, guruhlarni nazorat qilsa, boshqasi reklama tarqatish va guruhlarga odam yig‘ish bilan shug‘ullangan.
Shuningdek, yana biri fuqarolar bilan muloqotga kirishish vazifasini bajargan bo‘lsa, boshqasi kunlik pul tushumlarini bankomatlar orqali naqdlashtirish bilan shug‘ullangan.
Mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21602 | Инструменты