IIV kiberxavfsizlik markazi tomonidan Telegram'da Hello Tashkent, salam Tashkent nomli guruh va kanallarni tashkil etib, tarmoq foydalanuvchilarining sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi video va fotolarni joylashtirib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, mazkur guruh tashkilotchilari Telegram'dagi ochiq guruhlarga qizlar va ayollarni foto va videolarini joylab, qiziquvchilarni vip-chatga taklif qilishgan. Vip-chatga a’zo bo‘lish esa 100 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha etib belgilangan. Ular qiz va ayollarning foto va videolarini o‘chirib yuborish evaziga tovlamachilik yo‘li bilan pul talab qilishgan.
Tezkor-qidiruv ishlari natijasida ushbu faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar qo‘lga olindi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi "v" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda mazkur jinoiy guruhga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash ishlari olib borilmoqda.
"Hello Tashkent, salam Tashkent guruhlaridan jabrlangan fuqarolar "102" yoki +99899 117 60 87 raqamiga xabar berishlarini so‘raymiz. Ma’lumot bergan fuqarolarning shaxsi sir saqlanadi", - deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61300 | Инструменты