Huawei 1
"Texnogen hodisalarni bartaraf qilish 3 oydan 6 oygacha vaqt oladi" - Jo‘rabek Mirzamahmudov Boysundagi kon avariyasining holati haqida gapirdi

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 1-sentyabr kuni Surxondaryoning Boysun tumanidagi M-25 konida vodorod sulfid yuqori bo‘lgan gaz chiqishi boshlangan hodisa hali bartaraf qilinmaganini maʼlum qildi. U bu haqda "Lolazor" podkastida aytib berdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bunday texnogen hodisalarni bartaraf qilish 3 oydan 6 oygacha vaqt oladi.

"Hozir u yerda mutaxassislar ishlayapti. Yopilgani yo‘q. Sababi, bilasizlarmi, o‘sha kuni ham sxemada ko‘rsatdik, bunday holatlarni fontan deydi, avariya deydi. O‘zbekiston tarixida bunday yirik texnogen hodisalar 6-marta bo‘lgan. Ko‘pchilik internetda O‘rtabuloqni [gaz koni]ni aylantirdi, 3 yil davomida yopilgan. [Bunday jarayon] 3 oydan 6 oygacha vaqt oladi, chunki yuqori bosim, texnogen bo‘lgandan keyin o‘sha narsani sindirib yuborgan, chiqib ketgan, yorib yuborgan, uni yopishning har xil usullari bo‘ladi. Hozir birinchi ustiga "zaglushka" qo‘yib yopildi, haqiqatdan o‘rnatilgan. Lekin vodorod sulfid tarkibida gaz bo‘lgani uchun yemirib yuborgan yerlarning bir yeridan sizib, yana qayta chiqib ketdi", — dedi u.

Energetika vaziri hozir o‘sha yerni yopish bo‘yicha ishlar ketayotgani, parallel ravishda qolgan variantlar ham ko‘rilayotganini aytdi. Buning guchun AQSH, Ozarbayjon kabi davlatlardan maxsus kompaniyalar vakillari chaqirilgan.

"Turli xil uskunalar olib kelindi, moslashtirilyapti, xavfsizlik ishlari qilindi. Amerikadan mutaxassilar keldi — Sudo well control degan avariya holatlarini bartaraf qiluvchi dunyodagi birinchi raqamli kompaniya bor, Halliburton keldi, Schlumberger‘ni chaqirdik, Ozarbayjonning Socar kompaniyasining brigadasi keldi — ular ish rejani, hammasini ko‘rib, nima qilinyapti, qanday qilinyapti, ko‘rib, ko‘rilayotgan choralar to‘g‘riligini tasdiqladi. Qo‘shimcha uskunalar olib kelindi", — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Uning aytishicha, hozirgi reja o‘xshamasa, boshqalari ko‘riladi va bu 2−3 oy olishi mumkin.

"Texnologiya tarafdan bosim yuqori, u yerga borish faqatgina tegishli kislorod niqoblari, to‘liq xavfsizlik bilan. U yerda yarim soatdan ko‘p ishlab bo‘lmaydi. Chunki kislorod ballonlar yarim soatga yetadi, keyin brigadalar almashadi, tizim qilingan. Shu orqali hozir bartaraf etish choralari ko‘rilyapti. Bir qism gaz chiqarilib, yoqib yuborildi, yaʼni zararni kamaytirish maqsadida. Hozir shu chora ko‘rilyapti. Endi 2−3 kundan keyin o‘sha moslamani bular o‘rnatadi, yopishga harakat qilishadi, yopa olishsa, yaxshi, bo‘lmasa, keyingi ssenariylar ko‘rilib, “skvajina”ni ochib, yonidan qo‘shimcha “skvajina” burg‘ulab, shu orqali yopishga harakat qilinadi. Bu 2−3 oy olishi mumkin", — dedi vazir.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100618 | Инструменты