Huawei 2
Tez ozib ketish jiddiy kasalliklar alomati...mi?!

Tana vazni salomatlikning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri. Ammo baʼzi insonlarda sababsiz tez ozib ketish hollari kuzatiladi.

Xo‘sh, buning boisi nima?

Ushbu savolga oliy toifali shifokor Raʼno Nosirova javob berdi.

— Ayrim paytda bosh miya, yurak va mushaklar meʼyorda ishlashi uchun organizmda oziq moddalar yetishmaydi, — deydi mutaxassis. — Shunday holatda ular yog‘ to‘qimasiga “signal” yuborib, ichki qo‘shimcha zaxiradan foydalanadi.

Oqibatda yog‘ hujayralari parchalanib, energiya ajraladi va bu quvvat hayotiy muhim aʼzolar ehtiyojini qondirish uchun sarflanadi. Organizm yog‘ to‘qimasini yo‘qotar ekan, o‘z-o‘zidan tana vazni kamayib boradi. Aslida tez ozishning bir necha sabablari mavjud.

Jumladan, enterokolit, atrofik gastrit kabi oshqozon-ichak kasalliklarida oziq moddalar so‘rilishi yomonlashib, tana vazni kamayadi. Og‘riq, qorin dam bo‘lishi, ko‘ngil aynishi, ich ketish yoki qotishi ushbu kasalliklarga xos belgilardir.

Qolaversa, oziq moddalar so‘rilishining buzilishi tufayli tanada vitaminlar va mikroelementlar tanqisligi ro‘y berib, anemiya kuzatiladi. Teri quruqlashib, tirnoqlar sinuvchan, milklar esa qonaydigan bo‘lib qoladi.

O‘tkir pankreatit (meʼda osti bezi yallig‘lanishi) va surunkali xolitsistit (o‘t yo‘llari yallig‘lanishi)da ham tana vazni kamayishi mumkin. Chunki ushbu xastaliklar sababli ovqat hazm qilish jarayoni buzilib, organizm ayrim oziq moddalarni qabul qila olmaydi.

Bunday hollarda bemorlar taomlangandan so‘ng noqulaylik hissini sezadi. Ko‘ngli aynib, ich ketish, xoletsistitda o‘ng qovurg‘a ostida og‘riqlar paydo bo‘ladi.

Shuningdek, sil kasalligida ham bemor tez ozib ketadi. Ishtaha yo‘qolib, organizm xastalik qo‘zg‘atuvchisi – sil tayoqchasiga qarshi kurashish uchun ko‘p energiya sarflaydi.

Tan vazni tez yo‘qotilishining keng tarqalgan sabablaridan yana biri ichaklardagi gelmintlar va lyambliyalardir. Bunday bemorlarda ko‘ngil aynishi, qorin dam bo‘lishi, ich buzilishi, teriga turli toshmalar toshishi, tana harorati ko‘tariladi.

Bundan tashqari, ozib ketish qandli diabetning 1-turi, depressiya, onkologik kasalliklar, limfoma, limfogranulematoz, leykoz kabi kasalliklar sababli ham bo‘lishi mumkin.

Agar tez vazn yo‘qotish holati kuzatilsa, oila shifokoriga murojaat qilish lozim.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga