Toshkent shahridagi mehmonxonada kechasi baland ovozda musiqa qo‘yib, atrofdagilarning tinchini buzgan chet el fuqarosi maʼmuriy jazoga tortildi.
Sud hujjatida keltirilishicha, 2024-yil 16-aprel kuni soat 22:30da Malika mehmonxonasi xodimi F.Aliyev Toshkent shahar IIBB ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, mijoz Aleksander Xaustav fuqarolar tinchini buzayotganini maʼlum qilgan. U arizasida mijoz kechasi baland ovozda musiqa qo‘ygani, shuningdek, mast holatda mehmonxonaga peshob qilganini bildirgan.
Holat yuzasidan voqea joyiga IIO xodimlari yetib kelgan hamda Aleksander Xaustavni IIB bo‘limiga taklif qilishgan. Ammo u IIB bo‘limiga borishdan bosh tortib, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabini bajarmagan.
Sud majlisida so‘ralgan huquqbuzar mijoz aybiga iqror bo‘lgan. U o‘sha kuni uyida spirtli ichimlik isteʼmol qilgani, O‘zbekistonga pasxa bayrami munosabati bilan ota-onasi qabrtoshlarini yangilash uchun kelgani, mehmonxonaga yetgan zararlarni qoplab berishi, qilgan ishidan pushaymonligini aytgan. Mehmonxona xodimi esa Aleksander Xaustav musiqani baland qo‘yib mehmonlar tinchini buzgani, sigaret chekib tashlashi natijasida mehmonxonaga zarar yetkazganini maʼlum qilib, unga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Sud qarori bilan Aleksander Xaustav Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik), 192-moddasi (Maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish) va 194-moddasining 1-qismida (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51915 | Инструменты