«Rossiya segodnya» media guruhi tarkibiga kiruvchi Rossiyaning Sputnik agentligining Ozarboyjondagi vakolatxonasi yopildi. Bu haqda 24 fevral, dushanba kuni respublika Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oyxon Hojizoda ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Boku Rossiya media guruhining Ozarboyjondagi faqat bitta muxbiriga akkreditatsiya berishga tayyor.
Hojizoda Britaniyaning BBC media kompaniyasining Ozarboyjondagi vakolatxonasi yopilishi haqida ham gapirdi. «Rossiya segodnya» misolida bo‘lgani kabi, mamlakat rasmiylari bunda ham faqat bitta muxbirni akkreditatsiya qilishga tayyor. Ozarboyjonda BBC faoliyati to‘xtatilgani 20 fevral kuni ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, Ozarboyjon TIV vakili «Amerika ovozi» radiosi muxbirining akkreditatsiyasi bekor qilingani haqida xabar berdi. U bu qaror sabablarini oshkor qilmadi.
Bokudagi Rossiya uyining yopilishi
6 fevral kuni Rossiya madaniyatini xorijda targ‘ib qiluvchi Rossotrudnichestvo federal agentligi Ozarboyjon hukumatidan mamlakat poytaxtidagi rus madaniyat markazi bo‘lgan Rossiya uyi faoliyati to‘xtatilgani haqida rasmiy xabarnoma oldi. «Ozarboyjonning o‘zi donorga aylandi va tashqi yordamga muhtoj emas, ayniqsa, agar u noshaffof sxemalar asosida va tuzilmasi aniq razvedka xarakteriga ega bo‘lgan tashkilotlar orqali ko‘rsatilsa», — deb tushuntirdi Report.az nashri manbalari. Kreml Bokudagi Rossiya uyi yopilganini tasdiqladi.
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ga nisbatan ham xuddi shunday qaror qabul qilingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22519 | Инструменты