Huawei 1
"Toshkent ko'priklardan foydalanish" unitar korxonasi tomonidan tunda o'tkazilgan 7 ta davlat xaridi bekor qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijasida “Toshkent ko‘priklardan foydalanish” unitar korxonasi buyurtmachiligida “etender.uzex.uz” portali orqali avtomobil yo‘llarini joriy taʼmirlash uchun 2023-yil 27-mart kuni soat 23:35 dan 28-mart kuni soat 00:44 gacha joylashtirilgan eʼlonlar yuzasidan 7 ta lot bo‘yicha jami 3 625,5 mln so‘mlik davlat xaridlari noqonuniy ravishda o‘tkazilganligi aniqlandi.

Xususan, xarid komissiyasi tomonidan foydalanilgan kompyuter IP-manzillari maʼlumotlari o‘rganilganida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning 10, 14 va 46-moddalari talablariga zid ravishda korxona xarid komissiyasi raisi, aʼzolari (ovoz berib baholash vakolatiga ega) va komissiya kotibi 2023-yil 27-mart kuni soat 23:35 dan 28-mart kuni soat 00:44 gacha 7 ta lot bo‘yicha IP-manzili bir kishiga tegishli bo‘lgan kompyuter orqali boshqarilib, xarid natijalari baholanganligi va bayonnoma rasmiylashtirilganligi maʼlum bo‘ldi.

Achinarlisi, ushbu davlat xaridida ishtirok etib, barchasida g‘olib deb topilgan tadbirkor va boshqa ishtirokchilarning hujjatlari elektron portalga buyurtmachi foydalangan IP-manzil orqali yuklangan.

Mazkur holatlar bo‘yicha xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi, to‘plangan hujjatlar Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi hamda xizmat tekshiruvi o‘tkazish uchun Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga so‘rovnoma kiritildi.

Agentlikning taqdimnomasiga binoan “Toshkent ko‘priklardan foydalanish” unitar korxonasi tomonidan 2023-yil 1-aprel kuni 7 ta lot bo‘yicha xarid komissiyasining bayonnomalari bekor qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 13110 | Инструменты