Huawei 1
Toshkent metropoliteni 2025-yilda 10 ta maxsus ventilyator sotib oladi

Toshkent metrosining yerosti bekatlari uchun 2025-yilda 10 ta ventilyator xarid qilinadi. Bu haqda 9-oktyabr kuni Xalqaro press-klubda metropoliten rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

“Gazeta.uz” muxbiri issiq kunlarda metro bekatlarida nafas olish qiyinlashayotgani, salqinlik yetishmayotgani va bunday paytlarda stansiyalardagi ventilyatsiya tizimi qay darajada ishlayotgani haqida so‘radi. Savolga Toshkent metropolitenining rejim xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Abdutohir Abduqodirov javob berarkan, ushbu tizimni taʼmirlash va qurilmalarni yangilash jarayoni ikki yildan beri davom etayotganini maʼlum qildi.

"Ventilyatsiya tizimi masalasida bizga ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Sovuq vaqtda isitish kerak, issiqda esa sovitish kerak, degan gaplar bo‘ladi. Toshkent metropolitenini loyihalashtirish 1972 yilda boshlangan. O‘sha vaqtda iqlim sharoitimiz hisobga olinib, tomchilatish, yaʼni suv orqali sovitish tizimi ishga tushirilgan. Hozir yerosti metro bekatlarining har birida ikkitadan katta ventilyator mavjud. Bundan tashqari, bekatlar oralig‘idagi yo‘llarga ham shunday qurilmalar o‘rnatilgan", — dedi u.

"Yo‘lovchilarning ko‘pligi hamda ushbu qurilmalarning ancha yillardan buyon xizmat qilib kelayotgani sababli ikki yildan beri tizimni taʼmirlash ishlari olib borilyapti. „Chilonzor“, „Novza“, „Olmazor“ va „Paxtakor“ kabi katta stansiyalarimizda bu tizimlar — yaʼni suv bilan sovitish tizimlari yangilandi. 2025 yilda yana 10 ta shunday katta ventilyatorni yangilash, aniqrog‘i, sotib olish rejalashtirilgan, buning ustida ish olib borilyapti", — dedi Abdutohir Abduqodirov.

Masʼulning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent metrosining yerosti bekatlarida 100 dan ortiq ventilyator bo‘lib, ularning barchasi ishlab turibdi.

"Ular grafik asosida, tig‘iz vaqtlarda esa ikkitalab ishlatiladi. Stansiyalardagi qurilma havoni ichkariga, bekatlar oralig‘idagi ventilyatorlar esa tashqariga haydaydi. Tunnelda havoni aylantirish maqsadida shunday qilinadi", — dedi metropoliten vakili.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101020 | Инструменты