Toshkent metrosining yopiq vestibyullari qachon ochilishi bo‘yicha maʼlumot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Yer osti metro bekatlarining ba’zi yopiq vestibyullari hali ham ochilmadi” mazmunidagi xabar joylandi.

Ushbu holat yuzasidan “Toshkent metropoliteni” DUK izoh berdi

Qayd etilishicha, bundan 30-40 yil ilgari barpo etilgan Toshkent metropolitenining yer osti bekatlaridan beshtasida, ya’ni Milliy bog‘, Mashinasozlar, O‘zbekiston, Gʻafur Gʻulom va Yunus Rajabiy bekatlarining ikkinchi vestibyullarida qurilish ishlari oxiriga yetkazilmagan holatda foydalanishga topshirilgan.

Ma’lumki, metro tizimiga bo‘lgan talab kun sayin ortib borayotganligi va shu boisdan ham yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida, 2023-yilda “Toshkent metropoliteni” DUK tomonidan bu vestibyullar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga doir tashabbuslar tegishli tartibda hukumat muhokamasiga taqdim etildi va hukumat tomonidan bu ishlar amalga oshirilishiga ruxsat berildi. 

Shundan so‘ng, Toshkent metropoliteni qoshida ochilgan “Toshmetrotrans” MCHJ loyiha instituti tomonidan barcha yopiq vestibyullarni ishga tushirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilib, davlat ekspertizasiga topshirildi. Hozirgi kunga kelib, loyihalar bo‘yicha tegishli xulosalar olingan bo‘lib, qurilishni amalga oshiruvchi tashkilot aniqlanishi uchun bu loyiha tenderga joylashtirilgan. Bu jarayon bosqichma-bosqich shaklda amalga oshishini inobatga olgan holda, qurilish ishlari yaqin bir oy muddatda boshlanadi. Qurilishning tugash muddati xususida esa, qurilish jarayonlarining texnik holatiga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.

Shuningdek, xabarda ta’kidlangan “Xalqlar do‘stligi” bekatida mavjud eskalatorni yangisiga almashtirish maqsadida yopilgan ikkinchi vestibyulda hozirda jadal ishlar amalga oshirilmoqda va bu vestibyul faoliyati bir oy muddatda qayta yo‘lga qo‘yiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70519 | Инструменты