Qo‘qon va Farg‘onada Turkiyaning Eser Hotels brendi ostida besh yulduzli mehmonxonalar ochilishi rejalashtirilmoqda

Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Turkiyaning Eser Hotels premium mehmonxonalar tarmog‘i rahbari Ertan Xaldun boshchiligidagi turk ishbilarmonlarini qabul qildi.

Viloyat hokimi boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiyasining joriy yil iyun oyining boshida Turkiyaga amaliy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning davomi bo‘lgan bugungi uchrashuvda dastlab Qo‘qon shahrida, so‘ngra Farg‘onada Eser Hotels brendi ostida besh yulduzli mehmonxonalar ochish loyihasi muhokama qilindi.

Ikki kunlik o‘rganishlaridan kelib chiqqan holda Farg‘ona viloyatining iqtisodiy va turistik salohiyatini yuqori baholagan Ertan Xaldun, Qo‘qon shahrida rejalashtirilayotgan mehmonxonaning loyiha konsepsiyasini bir necha kun ichida ishlab chiqishlarini bildirib, loyihani tez muddatda amalga oshirish uchun investitsiyalar yo‘naltirishga tayyor ekanliklarini maʼlum qildi.

Viloyatga turistlar, shu jumladan, xorijlik sayyohlar oqimi tobora ko‘payib borayotganini, bu esa o‘z navbatida brend mehmonxonalarga bo‘lgan ehtiyojni shakllantirayotganini qayd etgan viloyat hokimi, Eser Hotels brendining Farg‘onaga kirib kelishi ortidan boshqa xalqaro brendlar ham viloyatimizga eʼtibor qaratishiga ishonch bildirdi.

Viloyat rahbari loyihani tez va muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini maʼlum qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70817 | Инструменты