Masʼuliyatsizlikka yoʼl qoʼygani uchun poytaxt hokimi J.Ortiqxoʼjaevga va prokurori U.Qosimovga qattiq hayfsan berildi
Bugun, 8-avgust kuni Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov boshchiligida selektor yigʼilishi oʼtkazildi.
Unda kuni kecha Toshkent shahrida roʼy bergan va aholining keskin noroziligiga sabab boʼlgan daraxtlarning nobud qilinishi masalasi qattiq tanqid ostiga olindi.
Prezident topshirigʼiga asosan Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimi Sh.Mavlonov va prokurori I.Bozorov lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, masʼuliyatsizlikka yoʼl qoʼygani uchun poytaxt hokimi J.Ortiqxoʼjaevga va prokurori U.Qosimovga qattiq hayfsan berildi.
Eslatib o'tamiz, 6-avgust kuni Chilonzor koʻchasida yoʻl kengaytirilishi sabab 101 tup daraxt, shu jumladan, 92 tup eman, 1 tup chinor, 5 tup tut, 2 tup archa va 1 tup mevali behi daraxtlarining ildiz qismi shikastlangan.
Buning uchun quruvchi tashkilotga 261 mln so‘m jarima belgilangan.
Jahongir Ortiqxoʻjayev shahar prokuroriga ushbu loyihada qatnashgan barcha mutasaddilarga chora koʻrilishi zarurligini taʼkidlagan edi.
Bosh prokuratura axborot xizmati maʼlum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, oʼrmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa oʼsimliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
«Men charchadim. Meni doim chaqirishadi, kelib xulosa, [daraxtlarni o'stirish bo'yicha] tavsiyalarimni beraman, lekin baribir o’zlari bilganini qilishadi. Ko’rasiz, ketma-ket hammasi o’ladi. Bunday holat tajribamda bor.
Bu daraxtlar tagida suv yo’q, yerlari oziqasiz. Bu daraxtlarga rahmat aytish kerak shunchalik harakat qilyapti yashashga.
Bizga endi hozir asfalt kerakmi, yoki soya berayotgan, kislorod berayotgan daraxt kerakmi? Shuni hal qilish kerak birinchi», - deya holatni izohladi Botanika bog’ida bo’lim boshlig’i Atirgul Xolmirzayeva.
Aytib o'tish lozimki, avvalroq Farg'onada elektr tarmoqlari xodimlari noqonuniy ravishda 48 tup ko‘p yillik sosna, 9 tup shumtol va 30 tupdan ortiq mevali daraxtlarni ostidan kesib tashlashgani aniqlandi. Buning natijasida yetkazilgan zarar 856,5 mln so‘mni tashkil qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11917 | Инструменты