Huawei 1
Toshkent shahar IIBB murojaat bilan chiqdi

Firibgarlik va tovlamachilik bilan shug‘ullanib kelgani aytilgan ushbu shaxslardan jabr ko‘rganlar Toshkent shahar IIBBga murojaat qilishi so‘raldi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (“Tovlamachilik”), 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida aniqlanishicha, 1993-yilda tug‘ilgan Abdumalikov Toxirjon Abdugappor o‘g‘li o‘zining akasi 1982-yilda tug‘ilgan Abdumadjidov Abdusattar Abdugapparovich bilan bir qator jinoyatlar sodir etgan.

Jumladan, ushbu shaxslar fuqarolarga foiz evaziga pul berib, qarz olgan shaxsning nomida bo‘lgan turar-joy va transport vositalarini garov evaziga o‘zining nomiga rasmiylashtirib olgan. Fuqarolar belgilangan muddatda qarz va foizlarini bermagan taqdirda uy-joydan oilasi bilan chiqarib yuborish va transport vositasini tortib olish bilan shug‘ullanib kelgan. Vaholanki, garovga qo‘yilgan mulk miqdori foiz evaziga berilgan pul mablag‘idan 3-4 barobar ko‘p bo‘lgan. Bundan tashqari, fuqarolar nomida bo‘lgan noturar mulk va turar-joyni fuqarolarga sotib berishini aytib, ulardan oldindan pul mablag‘i olib, noturar mulk va turar-joyini boshqa shaxslarga sotib yuborib, pullarni o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborish bilan shug‘ullanishgan.

Tergov jarayonida 1993 yilda tug‘ilgan Abdumalikov Toxirjon Abdugappor o‘g‘li jinoyat sodir etganlikda gumonlanib ushlangan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

1982-yilda tug‘ilgan Abdumadjidov Abdusattar Abdugapparovich tergovdan qochib yashiringanligi sababli unga nisbatan qidiruv eʼlon qilinib, sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

"Ushbu shaxslardan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha biror maʼlumotga ega bo‘lsangiz, qidiruvdagi shaxsning qayerdaligi haqida xabaringiz bo‘lsa, Toshkent shahar IIBBning 71-206-45-69, 71-206-49-46 yoki 102 raqamlariga yoxud 99-370-73-94 telegram raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi", - deyiladi IIBB xabarida.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90808 | Инструменты