Toshkentda aholining pullarini o‘zlashtirgan yana bir avtolizing firma aniqlandi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qildi.
Poytaxtning Shayhxontohur tumanida 2024-yil 31-oktyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan Halal Auto Leasing Company MCHJ fuqarolarga bir necha turdagi avtomobillarni boshlang‘ich 20 foizlik to‘lov, yillik 7 foizlik ustama va 1 yildan 5 yilgacha bo‘lib to‘lash sharti bilan olib berilishni va’da qilgan.
IIV Tergov departamenti tomonidan ushbu MCHJ moliyaviy-xo‘jalik faoliyati o‘rganilganda nizom jamg‘armasi 10 milliard so‘m qilib belgilab olingani, vaholanki, ushbu nizom jamg‘armasi jamiyat ta’sischilari tomonidan shakllantirilmagani aniqlangan.
Bundan tashqari, jamiyat tomonidan 52 nafar shaxs bilan avtotransport vositalari yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan. Ushbu shartnomalar asosida 1,7 milliard so‘m pul mablag‘lari jamiyat hisob raqamiga kirim bo‘lgan. Mazkur pul mablag‘lari plastik kartalarga o‘tkazish yo‘li bilan naqdlashtirib yuborilgan.
Fuqarolardan jalb qilingan pul mablag‘lari hisobidan avtotransport vositalarini ishlab chiqaruvchi yoki yetkazib beruvchi dilerlik korxona va tashkilotlar bilan shartnoma tuzilmagani hamda avtotransport vositalarini xarid qilish bilan bog‘liq operatsiyalar amalga oshirilmagani aniqlangan.
IIV Tergov departamenti tomonidan mazkur jamiyatga nisbatan 2-dekabr kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va uning faoliyati to‘xtatilgan.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida jamiyat rahbari Yo‘ldoshev va uning sherigi Mamajonovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Bugungi kunda 1,7 milliard so‘mning sarflanishini o‘rganish maqsadida jamiyatning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati yuzasidan hujjatli taftish tayinlangan.
“Halal Auto Leasing Company MCHJga avtotransport vositasi uchun to‘lovni amalga oshirgan va jamiyatning faoliyatidan jabr ko‘rgan fuqarolar Tergov departamentiga murojaat qilishlarini so‘ramiz”, deyiladi IIV xabarida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121816 | Инструменты