Toshkent shahrining Chilonzor tumanida maktab direktori o’quvchilarni urib, so’kdi

Ijtimoiy tarmoqlarda maktab direktori o'z xonasida o'quvchi yigitlarni kaltaklagani aks etgan videolar tarqaldi.

Unda holat Chilonzor tumani 217-maktabda sodir bo'lgani aytilgan. Bu bo'yicha Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi rasmiy  ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, ushbu voqea shu yil 19 sentyabr kuni kuni ro'y bergan. Shu kuni 217-maktab 8-“B” sinf o'quvchilari A.M. hamda Sh.I. lar sinfxonasida o'zaro mushtlashib qolgan. A.M. sinfdoshining yuziga musht tushirib, tan jarohati yetkazgan. 

Bundan xabar topgan maktab ma'muriyati o'quvchilarni direktor xonasiga chaqirishgan. Maktab direktori ma'anaviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari G.X.,  Chilonzor tuman IIO FMB HPB VEMB inspektor psixologi, katta leytenant M. I. guvohligida o'quvchilar bilan tushuntirish ishlari olib borgan.  A.M. ga tanbeh berish chog'ida maktab direktori jahl ustida uni so'kib, kaltaklagan va tartibga chaqirgan.

Yuqoridagi holat yuzasidan o'quvchilarning tuman hokimi o'rinbosari, maktab ma'muriyati, o'qituvchilar, IIB xodimlari va ota-onalar ishtirokida ham yig'ilish o'tkazilgan. Farzandlarining noqobil xatti-harakatlari yuzasidan ota-onalar o'zlarining afsusdaligini bildirishgan va uzr so'rashgan. 

Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi tomonidan direktor Ya.Sh. ga  noto'g'ri xatti-harakati uchun intizomiy chora ko'rilgan.

"Hurmatli pedagoglar! O'quvchilarga nisbatan zo'ravonlik ishlatish, jumladan, ularni haqoratlash, kaltaklash pedagog etikasiga to'g'ri kelmasligini, buning uchun qonunchiligimizda jazo choralari belgilab qo'yilganligini yana bir bor eslatib o'tamiz. Yuqoridagi kabi xunuk holat pedagog obro'siga putur yetkazadi, xolos",- deyiladi boshqarma bayonotida .

Ayni paytda yuqoridagi holat huquq-tartibot idoralari tomonidan o’rganilmoqda.

Izohlar: 3
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72707 | Инструменты