Toshkent viloyatida madaniy meros obyektlariga 6 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi olib borilgan o‘rganishlar natijasida joylardagi madaniy meros obyektlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazish holatlari aniqlandi.
Jumladan, Madaniyat vazirligi huzuridagi “Markazlashgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriluvchi obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish buyurtmachi xizmati davlat muassasasi hamda “Antiqa va sifatli qurilish” xususiy korxonasi o‘rtasida 2020-2021-yillarda Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Shayx Umar Vali Bog‘istoniy” ziyoratgohini ta’mirlash-tiklash ishlari bo‘yicha 1,7 mlrd. so‘mlik pudrat shartnomasi imzolangan.
Lekin, buyurtmachi xizmati Davlat muassasasi va XK mansabdor shaxslari ta’mirlash ishlari bo‘yicha tuzilgan hisob-fakturalarga soxta ma’lumotlar kiritib, haqiqatda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali 402,7 mln. so‘mlik budjet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirishgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167- (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209- (Mansab soxtakorligi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Qilichli ota” ziyoratgohida qayta ta’mirlash va tiklash ishlari bo‘yicha viloyat hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi va “TOSHMELIOQURILISH” MCHJ o‘rtasida shartnoma tuzilib, 309 mln. 107 ming so‘m budjet mablag‘i ajratilgan.
Biroq, “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi va “TOSHMELIOQURILISH” MCHJ mansabdor shaxslari o‘zaro til biriktirib, bajarilgan qurilish ishlari bo‘yicha tuzilgan hisob-fakturalarga soxta ma’lumotlar kiritib, haqiqatda bajarilmagan ish hajmlarini qo‘shib yozish orqali 263,2 mln so‘mlik byudjet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirishgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyat hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi va “TOSHMELIOQURILISH” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167- (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228- (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yana bir holatda esa Qibray tumanidagi “Buzgan tepa” arxeologiya yodgorligining yon qismlarida maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchalari va boshqa binolar qurish bo‘yicha ishlar olib borilishi natijasida ushbu moddiy madaniy meros obyektiga 5,6 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 132- (Moddiy madaniy meros ob’yektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish) va 205 – (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112605 | Инструменты