Joriy yilning 18 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Ishtixon tuman sudida JKning 97-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari bilan ayblanuvchi Sh.D.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi yuzasidan taqdim etilgan hujjatlar ko‘rib chiqildi.
Aniqlanishicha, dastlabki tergov hujjatlariga ko‘ra, Sh.D. joriy yilning 8 noyabr kuni soat 16:00 atrofida Ishtixon tumani “Yug‘ontepa” mahallasi “Saroy” qishlog‘ida yashovchi Sh.D. o‘zida to‘satdan kelib chiqqan ruhiy o‘zgarishlar oqibatida, o‘z yashash uyida voyaga yetmagan farzandlari A.A. hamda A.F.ning ko‘krak qafasiga oshxona pichog‘i bilan ko‘plab tan jarohatlari yetkazib, ularni qasddan o‘ldirgan.
Kattaqo‘rg‘on tuman sud tibbiy ekspertiza bo‘linmasining dastlabki maʼlumotiga ko‘ra, voyaga yetmagan A.A. va A.F.larning o‘limi, tashqi qon yo‘qotish bilan kechgan, ko‘krak qafasining chap tomonidagi sanchilib-teshib kirib, yurakni jarohatlovchi ko‘plab yaralardan kelib chiqqan.
Ishtixon tuman prokurori ayblanuvchi Sh.D. JKning 97-moddasi 2-qismi “a,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda ayblanganligi, ushbu qilmishi o‘ta og‘ir jinoyatlar tasnifiga kirishligi, ozodlikka bo‘lgan huquqini cheklash bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa turdagi ehtiyot chorasini qo‘llagan taqdirda dastlabki tergovdan va suddan yashirinishi ehtimoli borligini inobatga olib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqida iltimosnoma kiritgan.
Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchi Sh.D.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi va IIV JIED 3-MMM 7-son tergov hibsxonasiga joylashtirish belgilandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112521 | Инструменты