Huawei 1
FT: Rossiya yuzlab yamanliklarni Ukrainaga qarshi urushga yolladi. Ular shartnoma imzolashga majburlanmoqda

Rossiya armiyasi adlov yo‘li bilan yuzlab yamanliklarni Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishga yolladi, deb xabar beradi Financial Times.

Nashr maʼlumotlariga ko‘ra, ularga Rossiyada yuqori maoshli ish va mamlakat fuqaroligi vaʼda qilingan. Yamanliklar RFga kelganida, ular Mudofaa vazirligi bilan shartnomalar imzolashga majburlangan va urushga yuborilgan.

FT‘ning hisoblashicha, yamanlik askarlarni yollash joriy yilning iyulida boshlangan. Jurnalistlar 3 iyul sanasi qo‘yilgan shartnomalardan biri bilan tanishib chiqqan bo‘lib, hujjat Nijniy Novgoroddagi shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilarni saralash markazi rahbari tomonidan imzolangan.

Urushga jalb etilgan Nabil ismli shaxsning aytishicha, sentyabr oyida 200 nafar yamanlik Moskvaga kelib, frontga yuborilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, guruhdagilarning ayrimlari tajribali harbiy hisoblanadi, ammo ko‘pchiligi hech qanday tayyorgarlikdan o‘tmagan. Nabilning taʼkidlashicha, uni Rossiyaga “xavfsizlik” va «muhandislik ishi» sohasidagi serdaromad ish borligi bahonasida og‘dirib olishgan. U Rossiyada pul ishlab, o‘qishini tamomlamoqchi bo‘lgan.

FT suhbatdoshlaridan yana biri — Abdullaning so‘zlariga ko‘ra, unga dron ishlab chiqarish korxonasida ish borligini aytishib, bir martalik 10 ming dollar va har oy 2 ming dollardan maosh vaʼda qilishgan. 18 sentyabrda Moskvaga kelganida boshqa yamanliklar bilan Rossiya poytaxtidan besh soat uzoqlikdagi qandaydir obyektga olib ketishgan. Ular shartnoma imzolashdan bosh tortganida, o‘sha yerda bo‘lgan erkaklardan biri ularning boshi uzra pistoletdan o‘q uzgan.

Abdullaning aytishicha, shundan keyin ularni Ukraina bilan chegaraga olib ketishgan, oddiy harbiy tayyorgarlik tashkil etilib, Rostov yaqinidagi harbiy bazaga yuborishgan. Abdulla o‘zi bilan birga kelganlarning aksariyati Ukrainada halok bo‘lganini taʼkidladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112521 | Инструменты