Toshkent viloyati “Katta Chimyon” tog‘iga sayr qilish uchun borib, cho‘qqida sog‘ligida muammo yuzaga kelgan fuqaroga viloyat FVB xodimlari tomonidan yordam berildi. Bu haqda FVV Axborot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, kecha, 17 iyun kuni soat 11:30 da Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Katta Chimyon” tog‘iga sayr qilish maqsadida borgan 3 nafar fuqarodan birining kutilmaganda sog‘ligi yomonlashgan.
Shundan so‘ng, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga ularga zudlik bilan yordam zarurligi haqida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan, Chimyon yong‘in-qutqaruv otryadining bir guruh qutqaruvchilari aytilgan manzilga yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borgan.
Shuningdek, qutqaruvchilarning sa’y-harakatlari natijasida sog‘ligi yomonlashgan fuqaro “Katta Chimyon” tog‘ining dengiz sathidan 1800 metr balandligidan maxsus qutqaruv anjomlari yordamida pastga sog‘-salomat olib tushilgan va tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112608 | Инструменты