Toshkent viloyati Piskent tumanidagi ko‘prik qulab tushgani haqida xabar berilgandi. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi holat yuzasidan o‘rganish ishlari natijasini e’lon qildi.
Keltirilishicha, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R19 To‘ytepa—Piskent A373 avtoyo‘lining 14-kilometr qismidagi temir-beton ko‘prikda og‘ir yuk tashuvchi avtotransport vositasi me’yordan ortiq yuk bilan harakatlangan. Natijada ko‘prikning o‘ng tomonlama harakat tasmasidagi oraliq temir-beton qurilmalari (“balka”) va tayanch (“svaya”) qismlari yuklamaga bardosh berolmasdan sinib, avtotransport vositasi bilan birgalikda Toshkanal kanaliga tushib ketgan.
Howo yuk transport vositasi R.R.ga tegishli bo‘lib, avtotransport vositasining texnik pasportiga muvofiq yuksiz vazni 26,8 tonna va to‘la vazni 40 tonnani tashkil etadi. Hujjatlari o‘rganilganda transport vositasiga qum yuklangani va yuk xatiga asosan qumning hajmi 50 metr kub ekani aniqlangan. Transport vositasining yuksiz vazni 26,8 tonna, ustiga yuklangan qumning og‘irligi 80 tonna birgalikda 106,8 tonnani tashkil etmoqda.
Ko‘prikda og‘ir yuk tashuvchi avtotransport vositalarining harakatini taqiqlovchi va 8 tonnagacha yuk bilan harakatlanish mumkin ekanini ko‘rsatuvchi yo‘l belgilari o‘rnatilganiga qaramasdan, haydovchi ushbu cheklovlarga amalga qilmagan. Buning oqibatida ushbu favqulodda holatning yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121300 | Инструменты