“O‘zbekiston temir yo‘llari”ga qarashli Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi ishonchli boshqaruvga o‘tkazildi. Bu aksiyadorlarning 28-mart kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishining “KorpInfo” Telegram kanali e’tibor qaratgan bayonnomasidan ma’lum bo‘ldi.
Hujjatga ko‘ra, 2025-yil 21-yanvardagi shartnomaga ko‘ra, zavodning ilgari “O‘zbekiston temir yo‘llari”ga tegishli bo‘lgan ustav kapitalining 90 foizi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga, keyin esa Transport Engineering Center ishonchli boshqaruviga o‘tkazilgan.
Avvalgi kuzatuv kengashining vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan. Yangi kengash tarkibida to‘qqiz kishi, jumladan, transport vaziri Ilhom Mahkamov va “O‘zbekiston temir yo‘llari” bosh muhandisi Sharofiddin Qodirov bor. Qolgan yetti nafar a’zo Transport Engineering Center vakili, ulardan besh nafari — Rossiya fuqarolari.
Ular orasida harakat tarkibini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Rossiyaning “Transmashxolding” (TMX) holdingiga kiruvchi kompaniyalar top menejerlari ham bor. Misol uchun, Aleksandr Chebakov TMX boshqaruv jamoasi a’zosi, Aleksandr Loshmanov “TMX — Yo‘lovchi transporti”ni boshqaradi, Yegor Gulyayev “TMX Investitsiya” kompaniyasini boshqaradi, Kirill Lachugin esa holding tarkibiga kiruvchi “Integratsiyalashgan vagonlar qurish kompaniyasi” vakili.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” va boshqaruvning sobiq a’zolari korxonaning affillangan shaxslari ro‘yxatidan chiqarildi. Yangi a’zolar va Transport Engineering Center 20% yoki undan ortiq ulush egasi sifatida kiritilgan.
Transport Engineering Center Toshkent shahrida 2024-yil yanvar oyida ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat yo‘nalishi “boshqa toifalarga kiritilmagan boshqa ta’lim turlari”.
Ilgari korxonaning yagona asoschisi Moskva metropoliteni harakatlanuvchi tarkibiga xizmat ko‘rsatuvchi va “Transmashxolding” tarkibiga kiruvchi “Metrovagonmash-Servis” kompaniyasining kadrlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha sobiq direktori Sergey Leonidovich Karpov edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41914 | Инструменты