Toshkentda avtobuslar uchun yana 4 yo'nalishda 18 kmlik alohida yo‘lak tashkil etiladi

Har yili poytaxtdagi avtomobillar soni taxminan 30 mingtaga ko‘paymoqda. Avtobuslar umumiy oqimda tezlikni yo‘qotmasligi uchun Toshkent shahrida ular uchun bosqichma-bosqich alohida yo‘laklar tashkil etish rejalashtirilgan.

Joriy bosqichda mutaxassislar jamoat transporti yo‘nalishlari o‘tadigan, umumiy uzunligi 150 kilometrdan ortiq bo‘lgan yo‘l qismlarini tahlil qilib chiqishdi. Tahlil natijalariga ko‘ra, qariyb 18 kilometrlik qismda ishlarni boshlash tavsiya etildi. Loyihaga umumiy uzunligi 17,9 kilometr bo‘lgan to‘rtta yo‘nalish kiritilgan:

  • Muqimiy ko‘chasi — Yashnobod va Chilonzor tumanlari hududidagi 4,6 km qismi;
  • Qoratosh va Ko‘kcha Darvoza ko‘chalari — Shayxontohur tumanidagi 4,2 km qismi;
  • Parkent ko‘chasi — Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 2,8 km qismi;
  • Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasi — Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 6,3 km qismi.

Ushbu uchastkalarda markaziy ko‘chalarni ta’mirlash va avtobuslar harakati uchun alohida yo‘laklar tashkil etish rejalashtirilgan.

Poytaxt hokimining qarori imzolandi, hozirda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun budjet shakllantirilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu maqsadlar uchun taxminan 6,5 milliard so‘m talab etiladi.

Shuningdek, ishlar davomida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandliklarning oldini olish choralari ham ko‘zda tutilgan.

Loyihaga qo‘yiladigan talablar piyodalar uchun qulay yo‘nalishlar, sifatli yo‘l ko‘rsatkichlari, bekat majmualari va yoritish tizimini o‘z ichiga oladi. Yo‘l qoplamasining sifatiga alohida e’tibor qaratiladi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101712 | Инструменты