Toshkent shahri Uchtepa tumanida bir oilaning besh a’zosi xonadonidan hushsiz holda topildi. Bu haqda Uzreport.news'ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar qildi.
Ma'lum qilinishicha, 16-yanvar kuni soat 17:00 larda ichki ishlar organlariga tumanning 1-Tong ko‘chasida yashovchi oilaning 5 nafar a’zosi hushsiz holda topilgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Voqea joyi va murdalar tezkor-tergov guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilganda 36 yoshli ayol M.N. va uning 3 yoshli qizi S.S. vafot etgani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining toksikologiya bo‘limiga og‘ir ahvolda olib borilgan 39 yoshli erkak Z.A. ham ko‘rsatilgan tez-tibbiy yordamga qaramasdan, bir kun o‘tib vafot etgan.
Bundan tashqari, 12 yoshli qiz M.S. va hali yoshga to‘lmagan qiz F.S. hushsiz holatda topilib, RSHTYOIMning toksikologiya jonlantirish bo‘limiga joylashtirilgan.
Hodisa joyidan turli xil giyoh va dori vositalari, xonadonda iste’mol qilingan oziq-ovqat mahsulotlarining barchasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tuman prokuraturasi tomonidan JKning 186-moddasi 4-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61306 | Инструменты