Huawei 1
Toshkentda giyohvand va psixotrop moddalarni tarqatgan 20 yoshli yigit qamaldi

Toshkent shahrida giyohvandlik va psixotrop moddalarni tarqatish bilan shug‘ullangan 20 yoshli yigit 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.  Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

A.N. ismli ushbu fuqaro 2023 yilning 30 sentyabrida Telegramʼda katta maosh taklif qilinayotgan ishni ko‘rib, admin bilan bog‘langan va u tomonidan yuborilgan geolokatsiya orqali Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumaniga borgan. Ko‘rsatilgan joydan giyohvand moddani olib, bo‘laklarga bo‘lib, admin yuborgan xabarlar asosida tegishli joylardagi mijozlarga yetkazib bergan.

A.N.ning tergov jarayonida bergan ko‘rsatmasida aytilishicha, qilayotgan ishi jinoyat ekanini anglagach, u bu ishdan bosh tortgan. Ammo admin u haqdagi barcha ma’lumotlar – qayerda yashashi, oilasi, kimlar bilan va qayerda yurgani haqida hammaga aytib berishi, agar bosh tortsa, “sportik”larini (jazolovchi shaxslar) jo‘natishini aytib, ishdan bosh tortgani uchun shafqatsiz, vahshiyona jazolangan shaxslar haqidagi videotasvirni jo‘natgan. Bundan qo‘rqqan A.N. yana giyohvand va psixotrop moddalarni tarqatishga majbur bo‘lgan.

2023 yilning 2 oktyabrida Uchtepa tumani IIO FMB PPX xodimlari tomonidan fuqaro A.N. qo‘lga olingan. 

Fuqaro o‘sha kuni tumandagi savdo majmuasining oldida mijozlari bilan uchrashib, “tovar”ni topshirishi va pulini olishi kerak bo‘lgan. Yigit majmuada xizmat vazifalarini bajarayotgan xodimlarni ko‘rib, sarosimaga tushgan va o‘zida shubha uyg‘otib, ketayotgan yo‘lini keskin o‘zgartirgan. Bu holat xodimlar e’tiborini tortgan. 

Fuqaro xolislar ishtirokida tekshirilganda, uning sumkasidan 1 dona elektron tarozi, uch dona polietilen paketga solingan, quritilib, maydalangan, o‘tkir hidli moddalar aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirilgan. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining ochiq sud majlisida A.N. Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (giyohvand vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan aybli deb topildi va mazkur kodeksning 57-moddasiga asosan 7 yilga qamaldi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42105 | Инструменты