Toshkentda taksi haydovchisiga hujum qilib, uning mashinasini olib qochmoqchi bo‘lgan ikki talaba jinoiy jazoga tortildi.
Sud hukmida keltirilishicha, 2006 yilda tug‘ilgan D.M. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 1-sonli akademik litseyida, 2004 yilda tug‘ilgan Z.M. esa Toshkent axborot texnologiyalar universitetida tahsil olgan. Ularning ikkisi ham Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanidan bo‘lgan.
O‘smirlar biror mashinani bosqinchilik yo‘li bilan egallash va olib qochish bo‘yicha jinoiy reja tuzishgan. 2024 yil 27 aprel kuni soat 23:30 atrofida jinoiy rejani amalga oshirish uchun “Olmazor” metro bekati yoniga kelishgan. Bu yerda ular Yandex mobil ilovasi orqali Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani Chamanzor mahallasi lokatsiyasini ko‘rsatgan holda taksiga buyurtma berishgan.
Buyurtma bo‘yicha haydovchi Ch.A. Lacetti mashinasida yetib kelgan hamda D.M va Z.M.ni ko‘rsatilgan lokatsiyaga – M39 magistral avtomobil yo‘li orqali Yangiyo‘l tumanidagi ochiq dala maydoniga olib borgan. Manzilga yetib borgach mashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan D.M. haydovchiga to‘satdan hujum qilib, uning bo‘yniga pichoq bilan bir marta urgan. Zarbadan keyin Ch.A. qarshilik ko‘rsatishni boshlagan. Uni mashinadan chiqarmaslik maqsadida D.M. bo‘ynidan bo‘g‘ib, Z.M. esa qo‘llaridan ushlab turgan.
Shu vaqtda ularning harakati avtomobil yo‘lidan o‘tib ketayotgan Yangiyo‘l tuman IIB xodimlari e’tiboriga tushgan. IIB xodimlari voqea joyiga yetib kelib, talaba yigitlarni ushlagan. Shu sababli, o‘smirlar jinoyatni o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkaza olmagan.
Sud hukmi bilan D.M. va Z.M. Jinoyat kodeksi 25,267-moddasi 3-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. D.M.ga jinoyatni sodir qilgan paytida 18 yoshga to‘lmagani sababli 7 yil, Z.M.ga esa Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 103017 | Инструменты