Toshkent shahar hokimligida Xitoyning Sindao shahridan kelgan delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mehmonlarga Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Sharof Rahmonov tomonidan shahrimizda mahalliy va xorijiy investorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, poytaxtning demografik ko‘rsatkichlari, maishiy texnika ishlab chiqarish sohasi haqida ma’lumot berildi. Shaharsozlik hamda sanoat yo‘nalishlarida hamkorlikni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Xitoy xalq siyosiy maslahatlashuv kengashi Sindao shahri qo‘mitasi raisi Men Sinbin qabul uchun minnatdorlik bildirib, xitoylik tadbirkorlarning Toshkent shahri bilan hamkorlikka qiziqishi kattaligini ma’lum qildi.
Toshkent va Sindao o‘rtasida nafaqat savdo-iqtisodiy va investisiyaviy munosabatlarni, balki iqtisodiyotning boshqa istiqbolli sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish har ikki hudud manfaatlariga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda, "Hiking Group" , "Hisense Group" , "Qingdao Qianyun High-Tech New Material Co., Ltd." , "Qingdao Qingyang Taiyin Energy Technology Co., LTD" hamda "Qingdao Istarwafer Technology Co., Ltd." kompaniyasi vakillari bilan ham suhbatlashildi va o‘zaro hamkorlik takliflari muhokama qilindi. Shundan so‘ng mehmonlar "Yangi avlod" sanoat zonasi faoliyati bilan tanishdi.
Uchrashuv yakunida taraflar o‘zaro foydali manfaatlar yo‘lida harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 103019 | Инструменты