Keyingi yillarda issiqlik ta’minoti bo‘yicha narxlar yana oshirilishi mumkin. Bu haqda Senat yalpi majlisida chiqish qilgan bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov aytib o‘tdi.
“Issiqlik ta’minoti bo‘yicha masala murakkabroq. Bizda tariflar orasidagi farq juda katta. Bu Toshkent shahrida bitta narx, Buxoro yoki Farg‘onada boshqa bir narx. Undan keyin bu sohada ayrim texnologiya muammolari bor. Masalan, o‘lchagichlar qo‘yish masalasi. Chunki issiqlikni o‘lchash masalasi ham katta bir muammo. Qozonxonalar va yetkazib berish tarmoqlarining tizimlari ham juda eskirib ketgan. SSSRdan qolgan texnologiyalardan foydalaniladi. Bular gazni ham ko‘p iste’mol qiladi, gazdan foydalanish koeffitsiyenti samaradorligi ham past.
Mana yaqinda Toshkent shahri kengashi kelgusi yilda 2 marta tariflarni oshirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Lekin birdaniga aytamiz, tariflarni qoplab berish uchun bu ham yetarli emas. Umuman, to‘g‘risini aytganda, Toshkent shahar budjeti qanchalik katta bo‘lmasin, biz shaharga issiqlik bilan bog‘liq subsidiyalarni respublika budjetidan ajratib berishimizga to‘g‘ri kelyapti.
Energetika sohasidagi islohotlarning yakuni nima bilan tugaydi desangiz, bu elektr energiya va gazning chakana va ulgurji bozorini shakllantirish bilan o‘z yakuniga yetadi. Shunda budjetdan bu sohaga subsidiyalar berish bo‘yicha hech qanday ehtiyoj qolmaydi”, dedi Qo‘chqorov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121915 | Инструменты