Mahallalar uyushmasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Furqat Mahmudxo‘jayev Yunusobod tumanidan o‘tuvchi Toshkent avtomobil halqa yo‘li hududida havo sifati sezilarli darajada yomonlashganini ma’lum qildi.
11-noyabr kuni tunda Facebook`da e’lon qilingan videomurojaatda havo harorati pasayishi bilan hududdagi issiqxonalarda zararli moddalar yoqilishi boshlanishi va buning ortidan shu yerda yashaydigan aholi kasallanishi aytib o‘tilgan.
“Chaqaloqlar, keksalar ham shu havodan nafas olmoqda. Odamlar turli kasalliklarga chalingan. Bu borada qandaydir yechim topish kerak. Barcha mas’ul organlar muammoni hal qilish uchun bel bog‘lashi lozim”, — deb ta’kidlagan Furqat Mahmudxo‘jayev.
Toshkent shahri hokimligi ushbu murojaat yuzasidan munosabat bildirdi. Ta’kidlanishicha, iqtisodiy faoliyatning kengayishi va tadbirkorlikning rivojlanishi Toshkent shahri va viloyatida joylashgan issiqxona xo‘jaliklariga ham ta’sir ko‘rsatgan. Bu havo sifatining yomonlashuviga, ekologik muvozanatning buzilishiga olib kelmoqda va shahar aholisining sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qilmoqda.
Korxonalarning isitish uskunalarida tegishli energiya manbalaridan, xususan, qattiq yoqilg‘idan foydalanishini tekshirish maqsadida ekologik reyd o‘tkazilmoqda, deyiladi hokimlik munosabatida.
Ekologiya boshqarmasi, kadastr xizmati, FVV, IIBB, O‘zgidromet, Soliq qo‘mitasi va hokimiyat xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilgan. Guruh obyektlarga chiqib, maxsus uskunalar yordamida ekologik me’yorlarning buzilishini qayd etib bormoqda.
Poytaxt hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu ishchi guruhda yuqorida nomi sanalgan xizmatlarning rahbarlari faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, tumanlarda ham ijrochi ishchi guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, bunday tuzilmalar tarkibiga hududiy bo‘linmalar xodimlari kiritilgan.
Qayd etilishicha, aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha, mavjud vaziyatni o‘zgartirish uchun qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Ko‘mir qozonlaridan foydalanayotgan obyektlarda kulning og‘ir va yengil zarrachalarini ushlab qoluvchi filtrlarni o‘rnatish majburiyligi belgilangan. O‘ziga xos hid va havo rangini o‘zgartiradigan boshqa materiallardan, masalan, shinalar yoki yoqilg‘i moyi (pech yoqilg‘isi)dan foydalanadigan korxonalarga mavjud uskunalarni filtrlar o‘rnatilgan holda ko‘mirga almashtirish talabi qo‘yilgan. Aks holda, bunday korxonalar og‘ir ekologik vaziyat yuzaga kelgan yillarda o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turishga majbur bo‘ladi.
Qattiq yoqilg‘i asosida isitish uchun ichki yonuv tizimlaridan foydalanadigan barcha obyektlar alohida hisobga olindi va reyestrga kiritildi. Isitish mavsumi davomida ularda maxsus guruhlar tomonidan rejadan tashqari tekshiruvlar o‘tkaziladi. Atmosferani ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obyektlar, ya’ni issiqxonalardan tortib umumiy ovqatlanish korxonalarigacha, shu jumladan, ochiq olovda taom tayyorlanadigan muassasalar ham nazoratga olingan.
Shahar ma’muriyati aholini poytaxtdagi ekologik vaziyatga e’tibor qaratishga va ifloslanishning oldini olish choralarini ko‘rishga chaqirgan. Hokimiyat faoliyatni me’yorlashtirish va zamonaviy ekologik talablarga moslashtirish bo‘yicha maslahat yordami ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111421 | Инструменты