Huawei 1
Toshkentda tadbirkorlar  reklama konstruksiyalari ogohlantirmasdan buzilayotganiga norozilik bildirishmoqda

8 apreldan boshlab Toshkent ko'chalariga o'rnatilgan reklama qurilmalari tadbirkorlarni ogohlantirmasdan buzila boshlandi. Tadbirkorlarga tegishli mulk tushuntirishsiz, sud qarorisiz olib tashlanmoqda. Noqonuniy “snos”lar asosan kechasi amalga oshirilmoqda. Bir necha kundan beri tadbirkorlar reklama bilbordlari o'rnatilgan joylarga chiqib, ushbu holatga  qonuniy asos talab qilishyapti. Afsuski, buzish va kesishlar kimning qarori bilan bo'layotganligini hech kim, hech bir tashkilot tushuntirmayapti.    

To'g'ri, shunday vaqtlar bo'ldiki Toshkent shahrida xohlagan inson reklama konstruksiyasini istagan joyiga ildi. Ketma-ketligi, qonuniy- noqonuniyligi nazorat qilinmadi. Shu biznes orqasidan anchadan beri “non yeb yurgan” tadbirkorlar Toshkent shahar hokimligiga chiqib,   moratoriy so'rashdi. Va nihoyat, shu yilning 27 mart kuni  Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi qarori bilan poytaxt Toshkentda o'rnatilgan tashqi reklama konstruksiyalari xatlovdan o'tkaziladigan va  yagona elektron reyestr shakllantiriladigan bo'ldi. Shu maqsadda 2021 yilning  1 aprelidan 31 dekabrigacha tashqi reklama ob'ektlarini joylashtirish, o'rnatish, o'zgartirish va pasport berilishiga moratoriy e'lon qilindi.

Ana endi shahar ko'chalarida har kuni ko'zimiz tushib, ba'zida g'ashimizni keltiradigan, poytaxt qiyofasini buzib turgan reklamalar tartibga solinar ekan, deb o'ylagan edik. Ammo, kimningdir og'zaki topshirig'i ortidan reklama biznesi vakillari ancha ziyon ko'rishdi.
Moratoriy-  bu noqonuniy harakatlarni to'xtatish degani. Buzish, kesish emas. Bu davrda yangi konstruksiyalar o'rnatilmaydi. Lekin eskilari joyida qoladi. Endi xatlov boshlanadi, deb turgan paytda birdaniga hammasini buzish boshlandi.

“Qonuniymi, noqonuniymi surishtirmasdan kesib tashlashyapti. Bu yerda 20 yildan beri ishlayotgan tadbirkorlar bor. Ular katta kreditlar olishgan. Joyiga chiqib, nimaga kesyapsiz, deb surishtirsak,  bizaga “ tepadan” buyruq bo'ldi deyishadi. “Tepa” kimligini biz ham bila olmayapmiz.Tuman hokimliklari kommunal xizmat,  obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari bilan  birga  konstruksiyalarni buzishyapti”, - deydi  tadbirkorlardan biri.

Bir guruh tadbirkorlar qonuniy haqlarini talab qilib, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo'jayevning oldiga kirishdi. Hokim ularga  “meni bu ishda aloqam yo'q. Sudga bering, militsiya chaqiring, prokuraturaga xabar bering” degan. “Snos”lar bo'layotgan joylarda tadbirkorlar yordam so'rab militsiyaga  qo'ng'iroq ham qilishyapti, ammo befoyda.  

Tadbirkorlarning aytishicha, eng kichkina reklama banneri 20 mln so'mdan kam emas, kattasi 450 mln so'm turadi. Ularga qo'ng'iroq qilib, kesib tashlaymiz, deyishyapti. Tadbirkorlar esa nima qilishni, kimga murojaat qilishni bilishmayapti.    

2020 yilning 31  dekabrigacha birinchi darajali ko'chalarda reklama konstruksiyalari LED ekranlarga almashtirilishi kerak. Bu bo'yicha hukumat qarori qabul qilingan. Lekin buning uchun tadbirkor qo'shimcha pul tikib, LED ekranlar sotib olishi kerak.

Ahmadjon Sodiqov – tadbirkor

“Mening firmam kichikroq, 60 ta bilbordim bor. 30 kishi shu yerdan oylik oladi. Har bittasining orqasida bola-chaqasi bor. Shu darajaga kelish uchun 5 marta kredit olganman.  Men  hozir qanday qilib shuncha odamni bo'shtib yuborishni bilmayapman. Konstruksiyalarni LED ga almashtirishim uchun  1,5 mln dollardan ko'p pul tikishim kerak. Bo'lmasa olib tashlanadi.  Pandemiya paytida 10 oy muhlat berilgan. Buning o'zi “obsurd” hujjat.  Mayli, muddatini surib berishsa bo'lardi. Keyin o'zini oqlamaydigan joylar bor.  Tadbirkorni majburlash kerak emas. Hammasi bozor talabi bilan bo'lishi kerak, shunda tadbirkorni o'zi kredit olib bo'lsa ham qiladi”.

Vazirlar Mahkamasining 104-qarorida 31 dekabrgacha konstruksiyalarini LED ekranga almashtirmagan tadbirkorlarning reklama ob'ektlari demotaj qilinsin, degan bandi bor. Ammo sud qarori bilan. Chunki, kesish uchun asos bo'lishi shart. Bu yerda  topshiriq og'zaki berilyapti. Lekin, shahar bedarvoza emas-ku!

Saveliy Sokolov - Humo Media direktori:

“Reklama joyi uchun pasport olganimdan keyin konstruksiyani o'rnatganman. Hujjatni esa  “Toshkent reklama servis” Davlat unitar korxonasidan olganman. U Toshkent shahar hokimligining ishchi organi. Qo'limda patentim bor, tadbirkorman.Vazirlar Mahkamasi qarori 2- bandida amaldagi shartnoma va pasport uzaytirilishi mumkinligi yozilgan. Mening pasportim yuridik kuchga ega. Lekin hokimiyat nimagadir bizga shartnoma bermayapti. Qarorda  reklama konstruksiyasi faqat sud qarori bilan demontaj qilinishi ham belgilangan.  Bizga hokim yoki sud qarorini hech kim ko'rsatmayapti. Menga tegishli konstruksiyani hozir noqonuniy kesishmoqchi. Ijrochilarning qo'lida hech qanday qog'oz yo'q. Faqat qandaydir boshliqning og'zaki topshirig'i bor”.

Tatyana Maskevich - “ Orient Media” kompaniyasi vakili:

“Bizning reklama konstruksiyamiz qonuniy o'rnatilgan. Maxtumquli ko'chasida 4 ta reklama bannerimiz  bor. Lekin bugun ularni kesib tashlashmoqchi. Shahar bo'ylab 10 dan ortiq bannerlarimizni demontaj qilishdi. Biz bir necha kundan beri kechasi ko'chaga chiqib, qo'limizda pasport bilan konstruksiyalarimiz oldida turibmiz. Yashnabod tuman hokimligi bilan shartnoma qilganmiz. QQS, daromad solig'i to'langan. 20 nafar xodimimiz bor. Ular har oy maoshini olishadi. Lekin biz hozir konstruksiyalarimizni yo'qotyapmiz. Buni kim qilayotganini bilmaymiz”.  

Noqonuniy snoslardan ziyon ko'rgan tadbirkorlar himoya so'rab Savdo Sanoat palatasi, Biznes Ombudsman hamda Tadbirkorlar va Ishbilarmonlar harakati O'zLiDeP ga murojaat qilishdi.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G'aniyev ham bu holatga o'z munosabatini bildirib,  “ to'g'risini aytsam, men avvaliga reklama shitlari noto'g'ri qo'yilgan, shuning oldini olish uchun qilinyapti, deb o'ylagandim. Lekin, bugun ham yo'lda o'z ko'zim bilan 10 dan ortiq  shitlar kesilayotganini ko'rdim. Bu juda achinarli hol. Tadbirkorlarning qonuniy mulki tushuntirishsiz va sud qarorisiz olib tashlanmoqda. Bu ochiqchasiga tadbirkor huquqining poymol qilinishi. Eng qizig'i, kim tomonidan yoki qaysi qaror, qaysi topshiriq asosida qilinayotganini hech kim bilmaydi, egasi yo'q. 

Mahalliy hokimiyat vakillari topshiriqni bajarayotganligini aytyapti, Toshkent shahar hokimligi bunga aloqasi yo'qligini ma'lum qilyapti. Unda kim bunga mas'ul, kimning topshirig'i bilan bo'lyapti? Qurilish vazirligimi, yo'l bo'lgani uchun Avtoyo'lmi? Tushunishim bo'yicha bu holat Toshkent shahrining o'zida bo'lyapti. Qolgan viloyatlarda ko'rmadik. Demak, bu faqat Toshkent shahriga xos xususiyat. Buning bir sabablari bordir, buni o'rganish kerak. Bu kimningdir manfaatiga xizmat qilayotgan harakat ham bo'lishi mumkin. Balki vaqti kelib buning sababini ham bilarmiz. Agar bu qaysidir idoraning xatosi bo'lsa, buni tezroq joyiga qo'yish kerak. Lekin uning ortida kimlarningdir manfaati yotgan bo'lsa, bilmadim bunga qanday izoh berish mumkin? Judayam achinarli holat!”-  deya ta'kidlagan.

Deputat G'aniyev masalaning ichiga chuqurroq kirib, kerak bo'lsa deputatlik so'rovnini yuborish haqida ham gapirgan.  
Hozirda tadbirkorlarning 300ga yaqin reklama bilbordlari demontaj qilindi. Ular hokimiyat vakillariidan izoh talab qilishyapti. Biznes- Ombudsman vaziyatni o'rganishni boshladi.

Shuningdek, Reklama Industriyasi milliy uyushmasi SSP  Bosh Prokuraturaga holatni o'ranish va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishni so'rab, murojaat qildi. Masalani aniqlashtirish uchun Toshkent shahar hokimligiga reklama ob'ektlarini demontaj qilishga asos bo'lgan yuridik hujjat va ma'lumot yuzasidan so'rovnoma yuborildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101016 | Инструменты