Huawei 1
Zelenskiy Rossiya bilan muzokara bo‘yicha o‘z pozitsiyasini yumshatishga tayyor

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralar shartlarini muhokama qilishga va urushni tugatishga tayyor, deb xabar berdi Bloomberg 8 oktyabr, seshanba kuni Ukraina prezidenti va G‘arb davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar borishi bilan tanish bo‘lgan rasmiylarga tayanib.

Omma oldida Zelenskiy hali ham Rossiya qo‘shinlarini Ukrainadan to‘liq olib chiqib ketishni talab qilmoqda va bosib olingan hududlar bo‘yicha muzokaralarni rad etyapti, biroq Ukraina rasmiylari urushni to‘xtatish va «ko‘proq moslashuvchan» pozitsiyani egallash zarurligini qabul qilishga tayyor ekanliklarini ochiq aytishdi. Bu haqda agentlikka NATOga yaqin suhbatdoshlari ma’lum qildi.

Zelenskiyning sentabr oyida taklif qilgan «g‘alaba rejasi» Vashingtonda sovuq kutib olindi, dedi ulardan biri va G‘arb ittifoqchilari Kiyevga yanada aniqroq ssenariyni taqdim etishi uchun bosimni oshirdi. Frontdagi vaziyat, moliyalashtirish bilan bog‘liq qiyinchiliklar va AQShda bo‘lajak prezidentlik saylovlari Ukraina ittifoqchilarini «mojaroni muzokaralar yo‘li bilan tugatish imkoniyatini diqqat bilan ko‘rib chiqishga» undamoqda, deb ta’kidlaydi Bloomberg.

Zelenskiyning «G‘alaba rejasi»

Zelenskiyning «g‘alaba rejasi» asosiy bandlaridan biri Ukraina uchun NATOga qo‘shilish paytida o‘zaro mudofaa shartnomasiga o‘xshash xavfsizlik kafolatlarini o‘z ichiga oladi. Ammo Bloomberg suhbatdoshlaridan biri ta’kidlaganidek, ishonchli ikki tomonlama xavfsizlik kafolatlari, ayniqsa Qo‘shma Shtatlardan, aslida Ukrainaning alyansga a’zo bo‘lishini anglatadi. Rossiya Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini imkonsiz deb hisoblagani uchun barcha tomonlarni muzokaralar stoliga qanday formula olib kelishi noma’lum, deydi manba.

Rasmiy ravishda Ukraina Zelenskiy taklif qilgan «tinchlik formulasi»ni amalga oshirishni talab qilmoqda, bu 1991 yilgi chegaralarga qaytish va rus qo‘shinlarini bosib olingan hududlardan olib chiqib ketilishini o‘z ichiga oladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin iyun o‘rtalarida mojaroga barham berish rejasini taqdim etdi. Unda Ukrainaning egallab olingan barcha mintaqalaridan, jumladan, Qrim, Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlaridan Ukraina qo‘shinlarini olib chiqib ketish, Kiyev tomonidan bu hududlar ustidan nazoratni yo‘qotganligini tan olish, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishi, mamlakatning yadro qurolidan xoli bo‘lishini ta’minlash, shuningdek, G‘arbning Rossiyaga nisbatan sanksiyalarini bekor qilish bor. Kiyev bu rejani qabul qilib bo‘lmas deb baholab, darhol rad etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101018 | Инструменты