Toshkent shahrining Yangihayot tumanida olib borilgan tezkor tadbir davomida uyida giyohvandlik vositalarini yetishtirayotgan shaxs aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Aniqlanishicha, huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan tumandagi xonadonlardan biri ko‘zdan kechirilganda, uy ichida sharoit yaratib, giyohvandlik moddalari parvarishlanayotgani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, uydan ushbu moddalarni iste’mol qilish uchun mo‘ljallangan buyumlar ham topilgan.
Tadbir so‘ngida moddalar daliliy ashyo sifatida olingan. Jinoyat ishi doirasida ekspertiza tayinlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 270-moddasi (Taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ma’lumot uchun, yuqoridagi moddaning birinchi qismiga ko‘ra, taqiqlangan ekinlarni, ya’ni ko‘knor yoki moyli ko‘knor, kannabis o‘simligi yoxud tarkibida giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish yoki yetishtirish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121300 | Инструменты