Toshkent shahrida ikki yigit o‘rtasida kelib chiqqan mojaro o‘lim bilan tugadi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ikki yigit konserva mahsulotlari ishlab chiqariladigan korxonada ishlagan. 22 yoshli sudlanuvchi mahsulotga buyurtma olish bilan, 28 yoshda bo‘lgan marhum esa do‘konlarga berilgan mahsulotlarning pullarini yig‘ish bilan shug‘ullangan.
Qayd etilishicha, sudlanuvchi marhumga bildirmasdan do‘konlardan mahsulotlarning pullarini olib, korxonaga topshirmasdan, o‘z manfaatlari uchun ishlatib yuborgan. Marhum sudlanuvchidan ishlatilgan pullarni qaytarishni so‘raganda, uni qasddan o‘ldirish rejasini tuzgan.
Shundan so‘ng, sudlanuvchi o‘zi bilan olib kelgan pichoq bilan marhumga hujum qilgan. Yigit voqea joyida vafot etgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudida holat bo‘yicha sud ishi ko‘rib chiqilgan.
Sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismi, 168-modda 3-qismi va 112-modda 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121905 | Инструменты