Toshkent shahrida fuqaroni olib qochib ketib, urib tan jarohati yetkazgan uch nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda poytaxt IIBB axborot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bir fuqaro uch nafar shaxs tomonidan «samosud» qilingani aks etgan video tarqaldi. Huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida ma’lum bo‘lishicha, videoda kaltaklangan yigit «zakladka» yo‘li orqali giyohvand moddalarni tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan.
Biroq u Telegram kanal boshqaruvchisi bergan topshiriqni o‘z vaqtida bajarmasdan, chuv tushirishga uringan. Shundan so‘ng, buyurtmachi uni jazolash maqsadida odam yollagan. Uning rasmini, qachon va qayerga borish haqidagi ma’lumotlarni yetkazib bergan. «Zakladchik» aytilgan manzilga borganida, uni uch nafar noma’lum shaxs kutib olgan va Spark rusumli avtomashinaga o‘tqazib, olib ketgan», — deyiladi xabarda.
Jabrlanuvchi sodir bo‘lgan holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilmagan. Mazkur video tarqalganidan keyin Toshkent shahar IIBB tezkor xodimlari tomonidan «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olingan.
«Kuryer bo‘lib ishlayman, iltimos, militsiyaga topshirmanglar dedi. «Bo‘ldi, xo‘p», deb ko‘chaga olib tushdim, ikki marta shapaloq tushirdim. Tayoq bilan qo‘liga ikki marta urdim», — deydi qo‘lga olingan shaxslardan biri.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi (Odam o‘g‘irlash) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122214 | Инструменты