Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Askiya dehqon bozori qayta quriladi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 16-noyabr kuni “Ateca Hotel Suites” mehmonxonasida loyiha bo‘yicha taqdimot bo‘lib o‘tgan. Unda Yakkasaroy tuman hokimi Nilufar Allabergenova, uning o‘rinbosarlari, mas’ul tashkilot rahbarlari, bozor ma’muriyati va tadbirkorlar ishtirok etgan.
Nilufar Allabergenovaning so‘zlariga ko‘ra, aholi va tadbirkorlarga qulay va shinam sharoitlar yaratib berish, eskirib qolgan bozorni zamonaviy ko‘rinishga qayta qurish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu borada bir necha investorlar tomonidan bozorni qayta qurish bo‘yicha takliflar bildirilgan. Shu sabbali bozor hududini “e-auksion” platformasi orqali investorlarga taklif etish rejalashtirilmoqda.
Yakkasaroy hokimining aytishicha, sotib olish taklifi bilan chiqqan investor quyidagilarni Askiya bozorining boshqaruvchisi bo‘lgan jamiyatga beg‘araz o‘tkazib berishi kerak:
- 3000 kv metr maydonda ekobozor;
- 1200 kv metr maydonda sovitkich omborxona;
- 400 o‘ringa mo‘ljallangan yerosti avtoturargoh.
Bu talablar Toshkent shahar hokimligi, Davaktiv agentligi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi va Munitsipial aktivlarni boshqarish markazi bilan kelishilgani aytilmoqda.
“Loyiha amalga oshirilishi natijasida 150 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi. Yangi bozor yonida jahon standartlariga mos ravishda quriladigan 4 yulduzli mehmonxona ish faoliyatini boshlaydi. Loyiha yirik savdo kompleksini o‘z ichiga olib, unga ham jahon standartlari asosida yulduz olinadi. Loyiha to‘liq quvvatda ishga tushirilishi natijasida esa 1000 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi”, deyiladi hokimlik xabarida.
Yangi bozor hududida velosipedlar uchun joy, o‘rindiqlar, Wi-Fi zonalari, ko‘ngilochar va yashil hududlar tashkil etish ham rejalashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, qurilish ishlari jamiyat hududidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozori faoliyatiga ta’sir o‘tkazmaydi, ya’ni ushbu bozor faoliyatini to‘liq saqlagan holda amalga oshiriladi. “Ekobozor” qurilishi yakunlangach, dehqon bozori u yerga bosqichma-bosqich ko‘chiriladi.
Rasmiy xabarda 150 mln dollarga baholangan loyihani qaysi tashkilot ishlab chiqqaniga aniqlik kiritilmagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111901 | Инструменты