Tarmoqlarda poytaxtdagi xususiy maktabgacha ta’lim muassasalaridan birida tarbiyachilar bolalarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgani aks etgan videolar tarqaldi. Bunday vaziyat Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Tanzilandiya” xususiy bolalar bog‘chasida muntazam ravishda sodir bo‘lishi va bolalar kaltaklanishi aytildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ota-onalardan biri farzandining xulq-atvoridagi o‘zgarishlarni sezgan. Nima bo‘layotganini tushunish maqsadida farzandining o‘yinchog‘iga ovozni yozib oluvchi moslamasini o‘rnatib, bolani bog‘chaga yuborgan. Sakkiz soatlik audio yozuvda bog‘cha tarbiyachilari noxush so‘zlar bilan gaplashib, bolalarni bir necha bor kaltaklagani eshitilgani aytilmoqda.
Qayd etilishicha, shundan so‘ng ota-onalar bog‘cha direktoridan ololmagan kamera yozuvlarini IIBga borgach ko‘rishgan. Unda tarbiyachilar bolalarni sport zali, kiyinish xonalari va faollar zalida kaltaklagani, ammo ota-onalar uchun video kuzatuv mavjud bo‘lgan xonalarda tinch va xushmuomalalik bilan muomalada bo‘lgani ko‘rsatilgan.
Bolalar ombudsmanining ma’lum qilishicha, shu yil 12 fevral kuni 7 nafar ota-ona tomonidan xususiy maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanayotgan farzandlarga nisbatan tarbiyachilar qo‘pol munosabatda bo‘layotganligi bildirilib, qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha murojaat qilingan.
“Hozirda holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Bolalarga nisbatan tan jarohati yetkazilganlik holatini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan”, – deyiladi izohda.
Ta’kidlanishicha, maktabgacha ta’lim muassasasi ma’muriyati tomonidan 3 nafar tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda, bu borada qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22723 | Инструменты