Huawei 2
Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari transport sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

O'zbekiston transport vazirining birinchi o'rinbosari Mamanbiy Omarov boshchiligidagi delegatsiya 25-26-aprel kunlari Budapesht shahrida bo'lib o'tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Transportni muvofiqlashtirish qo'mitasining 2-yig'ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

O'zbekiston elchixonasi ma'lumotiga ko'ra, yig'ilishda TDT doirasida Transkaspiy transport koridorini rivojlantirish, transport hujjatlari va transport xizmatlarini e-Permit, eTIR va eCMR vositalaridan foydalanish orqali raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish, shuningdek, 2023-yilning noyabr oyida tashkilot sammitida qabul qilingan "Transport sohasidagi o'zaro bog'liqlik dasturi"ni amalga oshirish bo'yicha qo'shma harakatlar rejasi doirasida birgalikda bajarilgan ishlar natijalari muhokama qilindi.

Mamanbiy Omarov o'z so'zida so'nggi yillarda O'zbekistonda yo'l-transport infratuzilmasida amalga oshirilgan islohotlar, yirik mintaqaviy loyiha va tashabbuslar haqida ma'lumot berdi. Transport O'zbekiston iqtisodiyotining ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lib, uni rivojlantirishga davlatimiz tomonidan alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi.

O'zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Vengriya, Turkiya, Ozarbayjon va Qirg'iziston transport vazirliklari rahbarlari o'rinbosarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar o'tkazdi. Tomonlar avtomobil transportini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, ruxsatnoma blankalari kvotalari miqdorini oshirish va avtomobil transportini yanada liberallashtirish imkoniyatlarini ko'rib chiqish masalalarini muhokama qildilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga