Turkiyaga aldov yo‘li bilan chaqirilgan va murakkab vaziyatga tushib qolgan voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Bu haqda mamlakatning Istanbuldagi elchixonasi xabar berdi.
Aniqlanishicha, ota-onasidan erta ayrilgan S.S. o‘zining qonuniy vasiylari roziligisiz, Turkiya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish maqsadida Istanbul shahriga borgan. U o‘zbekistonlik tanishining tavsiyasi bilan Turkiyada tahsil olayotgan A.D. ismli shaxs bilan bog‘langan.
Turkiyaga kelganidan so‘ng, S.S.ni A.D. ismli shaxs kutib olgan va unga bosim o‘tkazib, qizni fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlagan. Qarshilik qilgan taqdirda esa uni mahalliy jinoiy guruhlarga topshirish bilan qo‘rqitgan.
O‘z hayoti xavf ostida qolganini anglagan S.S. yordam so‘rab o‘zbek diaspora vakillariga murojaat qilgan. Qiz faollar tomonidan Bosh konsulxonaga olib kelingan va mazkur fuqaroning holati o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilgan.
Ushbu holatga aloqador shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha ishlar tashkil etilgan.
14 aprel kuni Bosh konsulxona, «O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati» va O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda voyaga yetmagan fuqaroning vatanga qaytishi tashkil etilgan va u belgilangan tartibda davlat qaramog‘iga topshirilgan.
O‘zbekistonda S.S. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan kutib olingan va hozirda uni oilaviy muhitga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41910 | Инструменты