Huawei 1
Turoperatorlarga xorijliklarni jalb qilish uchun 25 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi

Vazirlar Mahkamasining 27-sentabrdagi qarori bilan kirish turizmi bilan shug‘ullanuvchi turoperatorlar uchun imtiyozli kreditlar ajratishning qo‘shimcha shartlari tasdiqlandi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan $50 mln ekvivalentida kredit liniyasi ajratilishi prezidentning iyuldagi farmoni bilan ko‘zda tutilgan. Mablag‘lar tijorat banklariga yillik 14%, 12 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr bilan beriladi.

Banklar turoperatorlarga chet ellik sayyohlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarni 10 yil davomida 2 yillik imtiyozli davr bilan moliyalashtirish uchun pul ajratadilar. Marja kredit liniyasi bo‘yicha belgilangan foiz stavkasining 3%idan oshmasligi kerak.

Kredit liniyasi doirasida bitta kompaniya 25 mlrd so‘mgacha mablag‘ olishi mumkin bo‘ladi. Kredit olish uchun u ariza berish paytida kamida 1 yil ishlagan bo‘lishi kerak, shuningdek, loyihani moliyalashtirishning kamida 15%ini o‘z mablag‘lari hisobidan ta’minlashi kerak.

Yil davomida maqsadli kredit oluvchi uning xizmatlaridan foydalanuvchi xorijiy sayyohlar sonini va turizm xizmatlaridan olinadigan daromadni 25%ga oshirish majburiyatini oladi. Aks holda, kredit tijorat stavkasi bo‘yicha to‘lanadi.

Maqsadli kredit liniyasi bo‘yicha ajratilgan pul mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi:

- ilgari olingan kreditlarni yoki boshqa qarzlarni qaytarish;

- alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish;

- ishlab chiqarish maqsadlari uchun ishlatilmaydigan shaxsiy mol-mulk sotib olish;

- avtotransport vositalarini xarid qilish (qiymati kredit summasining 40%igacha bo‘lgan 8 va undan ortiq o‘rinli yo‘lovchi tashuvchi avtomobillar sotib olish bundan mustasno);

- ma’muriy xarajatlarni to‘lash, shu jumladan xizmat avtomobillarini saqlash;

- bino va inshootlar sotib olish va qurish.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122121 | Инструменты