Huawei 1
"Ummon" guruhining sobiq solisti Zohid Risqiyev komadaligi ma'lum qilindi

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtning Yunusobod tumanida joylashgan “Mega Planet” savdo markazi yaqinida soat taxminan 23:00 atrofida “BMW” rusumli avtomashina katta tezlikda boshqaruvni yo‘qotib, avtohalokatga uchragani haqida xabarlar tarqaldi.

Toshkent shahar IIBBning ushbu hodisa yuzasidan bergan ma’lumotiga ko‘ra, transport vositasi boshqaruvchisi —  1990 yilda tug‘ilgan "Ummon" guruhining sobiq solisti Zohid Riskiyev hamda 2 nafar yo‘lovchilari shifoxonaga yotqizilgan. Zohidning yaqin do'st esa voqea joyida vafot etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi avtohalokatga uchragan uch nafar bemorning holati yuzasidan ma’lumot berdi.

Unda aytilishicha, shifoxonaga olib kelingan Zohidga “Bosh miya ochiq jarohati. Bosh miya lat yeyishi. Bosh tepa sohasining ezilib yirtilgan jarohati. Chap yelka sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi. Koma 1-2 daraja” tashxisi qo‘yilgan.

Tibbiyot xodimlari tomonidan bemor boshidagi jarohatga birlamchi jarrohlik ishlovi berilgan. Og‘riqsizlantirilib, IVL appartiga ulangan. Boshi MSKT, ichki a’zolari esa UTT kabi barcha zaruriy tekshiruvlardan o‘tkazilgan.

Ayni paytda Zohid Risqiyev jonlantirish bo‘limida. Sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Unga barcha tegishli tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, “Bosh miya ochiq jarohati. Bosh miya lat yeyishi. Bosh tepa sohasining ezilib yirtilgan jarohati. Ko‘krak qafasi lat yeyishi” diagnozi qo‘yilgan yo‘lovchi J.Y. ham jonlantirish bo‘limida zarur davo muolajalarini olmoqda. Uning ahvoli o‘rta og‘ir. Xushida.

Keyingi bemorda esa “Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya chayqalishi. Chap tomon yuqori qovoq, o‘ng tomon jag‘ osti va bo‘yin sohalari ezilib yirtilgan jarohatlari” aniqlangan.

Unga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilib, zarur muolajalar o‘tkazilgach, ahvoli qoniqarli bo‘lgani  uchun ambulator sharoitda davolanishi uchun uyiga javob berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ayni paytda bemorlar salomatligini o‘z nazoratiga olgan. Muolaja jarayonlari uchun yetakchi tibbiyot mutaxassislari jalb qilingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41915 | Инструменты