18-yanvar kuni Urganch davlat universitetiga Abu Rayhon Beruniy nomi berilgani munosabati bilan navbatdan tashqari Kengash yig‘ilishi oʻtkazildi. Ushbu Kengash yig'ilishi katta ahamiyatga ega voqea hisoblanadi. Boisi, universitetga Abu Rayhon Beruniy nomining berilishi nafaqat sharaf, balki yuksak masʼuliyat sanaladi.
Kengash yig'ilishini universitet rektori v.v.b. prof. S.Xodjaniyazov ochib berib, jamoaga Urganch davlat universitetiga Abu Rayhon Beruniy nomi berilganini ma’lum qildi va guvohnoma bilan tanishtirdi. Jamoa aʼzolarini qizgʻin qutladi. Endilikda oliygoh oldida turgan vazifalarni eʼtirof etdi.
Yig‘ilishda Oliy Majlis Senatining fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Baxrom Abdullayev ham ishtirok etdi. Qariyb 7 yil oldin boshlangan mazkur xayrli ish davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, Prezidentimiz qarorida aks etganini alohida ta’kidlab, jamoani ushbu sharafli eʼtirof amalga oshgani bilan samimiy tabrikladi. Universitetga Abu Rayhon Beruniy nomi berilishi uchun bosib o‘tilgan qadamlar haqida to‘xtaldi. Shu bilan birga, B.Abdullayev Abu Rayhon Beruniy merosini targ‘ib qilish va o‘rganish borasida universitetda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida o‘zining muhim takliflarini bildirdi.
Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i Z.Sa'dullayev, universitetda uzoq yillardan beri faoliyat olib borayotgan faxriy ustozlar so‘zga chiqib, Abu Rayhon Beruniyning dunyo sivilizatsiyasidagi o‘rni, buyuk olim nomining universitetga berilishi, bir tomondan, o‘tmish merosini e'zozlash bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yoshlarda ilm-fanga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qilishi, qolaversa, bu nom universitetning xalqaro maydondagi obro‘sini nafaqat oshirishi, balki yosh avlodni ulug‘ ajdodlarimiz merosini o‘rganishga undashini qayd etishdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12015 | Инструменты