Qozog‘istonlik blogerning videolavhasiga rasmiy munosabat bildirildi
Ijtimoiy tarmoqlarda qozog‘istonlik bloger tomonidan poytaxtimizdagi “Chorsu" dehqon bozorida sifatsiz jigar go‘shti sotilayotgani aytilgan videolavha e’lon qilindi.
Bunga Toshkent shahar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi oziq-ovqat xavfsizligi va tashqi ishlar bo‘limi boshlig‘i O‘tkir Otaboyev shunday javob qildi:
– Bir kunda “Chorsu" dehqon bozoriga 18-20 tonna mol, 12-13 tonna mayda shoxli mol va 5-6 tonna parranda go‘shti kirib keladi. Barcha kirib kelayotgan go‘sht mahsulotlari poytaxtimiz va viloyatlardagi qushxonalardan birlamchi veterinariya hujjatlari bilan keltiriladi. Bundan tashqari, bozordagi veterinariya-sanitariya ekspertizasida o‘ndan ortiq mutaxassis faoliyat olib boradi. Ular tomonidan bozorga kirib kelayotgan barcha go‘shtlar to‘liq nazoratdan o‘tkazilib, sotuv rastalariga chiqariladi.
Qozog‘istonlik bloger tomonidan “Chorsu"da sotilayotgan jigar go‘shtining ichida exinokokk borligi aytilgan videolavhani men ham ko‘rdim. Bu yolg‘on ma’lumot. Chunki, exinokokk bor jigar go‘shti bozorgacha yetib kelmaydi. Shuningdek, qushxonalarda so‘yilgan har bir mol, qo‘ylar veterinariya shifokorlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, o‘sha yerning o‘zida utilizatsiya qilinadi, ya’ni zararsizlantiriladi.
Videoda ko‘rsatilgan jigardagi oq dog‘lar yog‘ to‘qimalardir. Ushbu jigar go‘shti qayta tekshiruvdan o‘tkazildi. Unda hech qanday exinokokk topilmadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11622 | Инструменты